Boquvchisi xorijga ketgan oilalarga 540 ming soʻm moddiy yordam koʻrsatiladi

17:30 24 Aprel 2022 Jamiyat
1627 0

Foto: Arxiv surat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori (PQ-149-son, 01.03.2022y.) qabul qilingan.

Unga koʻra,

— 2022-yil 1-maydan har yili hokim yordamchilari yozma tavsiyanomasiga asosan boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatda boʻlgan oilalarga BHMning 2 baravari (540 ming soʻm) miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi;

— Mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatda boʻlgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” (daftarlar)dan biriga kiritilgan, nogironligi boʻlgan oila aʼzolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari (1 million 350 ming soʻm) miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi.

— Mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasida ular bilan birga istiqomat qiluvchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi boʻlgan oila aʼzolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yoʻllanma beriladi.

Mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatda boʻlgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yoʻllanmalar beriladi.

Yordam pullari va yoʻllanmalar basharti mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar “Labor migration” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa beriladi;

Yordam pullari va yoʻllanmalarni olish uchun talabgorlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga “Labor migration” dasturiy majmuasi orqali elektron tarzda murojaat qiladi (Yaʼni, talabgorlar hokim yordamchisi yoki Yoshlar yetakchisiga murojaat qilmaydi).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер