Boʻlgʻusi askarlar harbiy xizmatga yoʻl olmoqda

16:18 12 Mart 2025 Jamiyat
332 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qashqadaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi yigʻin punktida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarni Qurolli Kuchlarimiz safiga tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi.

Prezidentimizning 2025-yil 29-yanvardagi tegishli qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda barcha sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, muddatli harbiy xizmatga yoʻl olayotgan yigitlarning ota-onalari, shuningdek, soha faxriylari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan taʼkidlanganidek, bugun mamlakatimizda harbiy xizmatning nufuzi yuksak darajaga koʻtarildiki, endilikda armiyaga borish nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki katta maqsad, yuksak maʼnodagi shon-sharaf ishiga aylandi. Natijada muddatli harbiy xizmatga borish ishtiyoqidagi yoshlarimiz soni yildan-yilga oshib boryapti. Bu esa Qurolli Kuchlarimiz safiga eng munosib yigitlarni tanlab olish imkonini bermoqda.

— Bugun oʻgʻlim Dilxushbek Vatan oldidagi oʻz yigitlik burchini oʻtash uchun yoʻl olmoqda, — deydi mirishkorlik Mustafo Yormurodov. — Toʻgʻrisi, farzandimning mana shunday jasur oʻgʻlon boʻlib voyaga yetgani, safdoshlari qatorida Vatanini himoya qilish uchun joʻnab ketayotganidan qalbim faxrga toʻldi.

Tadbirda muddatli harbiy xizmatga yoʻl olayotgan oʻgʻlonlarga esdalik sovgʻalari topshirildi. Harbiy orkestr va sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarni xushnud etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер