Bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini hurmat qiling - Eʼzoza Karimova
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzoza Karimova taʼlim muassasalari xodimlariga murojaat bilan chiqdi.
Unda taʼlim tizimida faoliyat yuritayotgan har bir xodim zimmasiga yuksak masʼuliyat yuklatilgani taʼkidlanib, pedagoglarning kasbiy faoliyati va bolalarga boʻlgan munosabati ularning bilim olishi bilan birga shaxs sifatida shakllanishiga bevosita taʼsir koʻrsatishi qayd etilgan.
Vazir bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini hurmat qilish, ularning ruhiy holatiga ehtiyotkorlik bilan yondashish taʼlim xodimlarining ustuvor vazifasi boʻlishi lozimligini urgʻulagan. Shuningdek, pedagogik etika meʼyorlariga qatʼiy amal qilish, har qanday nooʻrin xatti-harakat, beparvolik va loqaydlikning oldini olish zarurligini eslatgan.
Eʼzoza Karimova murojaatida bolalarga mehr va eʼtibor bilan munosabatda boʻlish muhimligini alohida qayd etib, har bir soʻz va harakat ularning qalbida qanday iz qoldirishini chuqur anglash kerakligini bildirgan.
Murojaat yakunida taʼlim muassasalarida sogʻlom va insonparvar muhitni taʼminlash, bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish hamda amaldagi qonunchilik va ichki tartib-qoidalarga toʻliq rioya etish qatʼiy talab qilingan. Bundan tashqari, har bir xodim oʻz faoliyati natijalari uchun shaxsan javobgar ekani eslatilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring