Bolalar oʻzlari xohlagan bayram sovgʻalarini oldilar
Foto: Xalq so‘zi
Fargʻona shahridagi “Wine Garden” tantanalar majmuasida viloyatdagi 15 ta oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilari hamda vasiylik va homiylikka olingan oʻgʻil-qizlar uchun Yangi yil bayrami tadbiri boʻlib oʻtdi.
Bayram tadbirida shahar-tumanlardan kelgan 100 nafardan ziyod nafar bolalar, ularning tutingan ota-onalari, vasiylari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda soʻz olgan Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov barchani kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy muborakbod etib, bu oʻgʻil-qizlar kelajakda ona Vatanimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan insonlar boʻlib kamol topishlariga ishonch bildirdi.
— Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yetim, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning muammolarini hal etish, orzu-maqsadlarini roʻyobga chiqarish hamda jamiyat hayotiga toʻlaqonli moslashishiga koʻmaklashish maqsadida “Mehr daftari” joriy etildi, — deydi Milliy gvardiyaning Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarma boshligʻi Shavkat Akbarov. — Yangi tizim asosida joriy yilning oʻzida viloyatda 197 nafar bolaga 1 milliard 432 million soʻmdan ziyod mablagʻ sarflandi. Bugungi bayram tadbirida esa har bir oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchisi, vasiylik va homiylikka olingan oʻgʻil-qizga oʻzlarining xohish-istagi asosida Yangi yil sovgʻalari topshirildi.
Teatrlashtirilgan bayram tomoshalari davomida davraga Qorbobo va Qorqiz tashrifi, kichkintoylar ishtirokidagi sheʼrxonlik hamda isteʼdodli sanʼatkorlarning kuy-qoʻshiqlari barchaga xushkayfiyat ulashdi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring