Bolalar nega hayratlanmay qoʻydi?

11:48 16 Mart 2020 Jamiyat
2642 0

Illyustrativ foto

Bugun tilimizda bolalar bogʻchasi, bolalar doʻkoni, bolalar shifokori degan atamalar koʻp qoʻllaniladigan boʻldi. Demak, bolaga eʼtibor kuchaydi. Endi bolalar doʻkoni bolalarga moslashgan kiyim-kechaklar bilan savdo qilishga ixtisoslashgan yoki bolalar shifokorida bolalarning sihat-salomatligiga oid bilimlarni mukammal oʻrganishga zaruriyat tugʻilgan boʻlsa, bolalar tarbiyachilari oldida ham ulugʻvor vazifalar turibdi. Shunga qaramasdan, negadir farzandlarimizni moddiy jihatdan toʻla-toʻkis taʼminlashga alohida eʼtibor beramizu qalb tarbiyasiga kelganda sustkashlik qilyapmiz. Bu birgina oilada emas, bogʻchalarda ham ahvol shu. Bogʻcha toʻlovi, oʻyinchoq, gul, supurgi, bogʻcha opasining yoʻl kirasigacha pul yigʻish bilan kunlar, oylar yillar oʻtib ketyapti. Lekin bolalarimiz qaysi kitoblarni oʻqishni xohlashi, qanday muzikani tinglashni yoqtirishi, nimaga qiziqishi bilan hech kimning ishi yoʻq

Toʻgʻri, besh-olti yosh bolakay nimani ham orzu qilishi mumkin, deydiganlar ham topilar. Bir paytlar ota-bobolarimiz uchar gilamlarda uchishni orzu qilgan. Bu zamonlar osha samolyot va raketalarni kashf boʻlishiga turtki boʻlgan. Bugun ham koʻp narsalarni oʻzgartirish, qoʻl mehnatini yengillatadigan yangilash uchun yuksak orzularga ehtiyoj seziladi. Ochigʻi, hozirgi bolalar oʻz Interneti va TVlari atrofida girdikapalak boʻlib, orzular qanotida yashashni maqsadsiz mashgʻulot deb tushunayotgani tashvishlanarli hol. Ularga orzu ortiqcha, bunga oʻyinchoqdek munosabatda boʻlayotgani borini ham yoʻqqa chiqaryapti. Bunga ular aybdor emas. Oʻzimiz ulardan qoʻgʻirchoq yasashga oʻrganib qolganmiz. Bogʻcha yoshidanoq hammadan ajralib turishi yoki kamchiliklarini yopish uchun bogʻcha opasini “qoʻl”ga olishga harakat qilamiz. 

Bola yoʻrgakdan chiqmasidanoq avtomatik tarzda biror daromadli kasb-hunar egasi boʻlish yoki faqat oʻzining foydasini oʻylaydigan yumushlar qilishni xayoldan oʻtkazamiz. Ular bankir desa boylikni, sudya desa oʻziga bino qoʻygan amaldorni, sanʼatkor desa mashhurlikni koʻz oldiga keltirishining sababi ham shunda. Hozir qaysi boladan orzulari haqida soʻramang, hammasi baravariga shoir, qoʻshiqchi yoki sportchi boʻlishini aytadi. Bogʻcha, maktabda shundan boshqa toʻgarak boʻlmagandan keyin nima qilsin! Bu masalaning birinchi tomoni, boshqa tarafdan qaraganda, orzu faqat mashhur boʻlish yoki nom chiqarish uchun qilinmasligi kerak. Baʼzilar shu maqsadda yaqinlarining koʻtar-koʻtari bilan bir muddat shuhrat qozonib, soʻngra mashhurlikning zalvoriga bardosh berolmay arosatda yuribdi. Ehtimol, ular oʻz vaqtida orzu-istaklaridan toʻgʻri foydalanganda, oʻzi, oilasi, Vatanimiz uchun ham katta ishlarni qilgan boʻlardi. Axir, dunyoda boshqa sohalar ham bor-ku! Masalan, hozir mamlakatimizning barcha shahar, tuman, qishloqlarida zamonaviy texniklar, muhandislar, aloqachilar, mashinasozlar, komptersozlar, yoʻl quruvchilari kabi yuzlab kasb-ixtisosliklarga talab kundan-kunga ortib bormoqda. Ilmiy-texnikaviy sohalar rivojlanib borayotgan bir paytga nega bolalarimiz zamonaviy kasb-hunar sirlaridan bexabar qolmoqda? Yirik zavodlar, qoʻshma korxonalar, fabrikalar qoshida yosh texniklar klublari yoki muhandislar uyushmalarini tashkil etishni allaqachon fursati keldi. Canoatsiz turmush hayotimizning yuksalishini tasavvur qilib boʻlmaydi. Toʻgʻri, yurtimizda kasb-hunar kollejlarida tahsil olgan yoshlar koʻp. Lekin texnika yoki qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan kollejlarni bitirgan mutaxassislar oʻz sohasi boʻyicha mukammal bilimga ega boʻlmasligi oqibatida oʻzini boshqa tomonlarga urib ketyapti. Jamiyatimizni qiynayotgan muammoning ildizi mana shu yerda. Ota-onasi bozorga chiqarib yuborgan bolakaylarning orzu-umidlari yoʻq, deb oʻylaysizmi? Ular ayni bilim oladigan paytda olib-sotarlar orasida nima qilib yuribdi? Nega ularning orzulari Otchopardan nariga oʻtmayapti? Nazarimizda, taʼlim sifati yaxshilanmasa, talablari oʻzgarmasa, bu borada biror natijaga erishish qiyin. Nima boʻlganda ham, farzandlarimizning koʻngil mayllari, xohishu irodalaridan kelib chiqqan holda kasb-hunar tanlashiga yordam berishimiz kerak.

Adiba UMIROVA,

“Xalq soʻzi“

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер