Bola alimentga emas, ota mehriga tashna...
Illyustrativ foto
Oila hayot abadiyligi, avlodlar davomiyligini taʼminlaydigan, urf-odatlar sayqal topadigan, kelajak avlod kamolotiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan tarbiya maskanidir. Shu bois xalqimiz uni muqaddas sanaydi, uning mustahkamligi uchun intilib yashaydi.
Lekin “Guruch kurmaksiz boʻlmaydi”, deganlaridek, oramizda ushbu ulugʻ qoʻrgʻonga darz yetkazayotgan kishilar uchrayapti. Oqibatda ayrim oilalarda asosli yoki asossiz sabablar bilan ajrimlar kuzatilmoqda. Natijada aliment qarzdorlari koʻpaymoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Majburiy ijro byurosi tomonidan nafaqat aliment undirish bilan bogʻliq ijro ishlari koʻrib chiqilyapti, balki nizoli oilalarni yarashtirish choralari ham koʻrilyotir.
Jumladan, Majburiy ijro byurosi Boʻka tumani boʻlimi tomonidan aliment undirish yuzasidan joriy yilning 28 yanvar — 30 yanvar kunlari olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 5 ta oila yarashtirildi. Xususan, fuqarolik ishlari Oʻrtachirchiq tumanlararo sudining sud buyrugʻiga asosan undiruvchi N. Boʻtayeva foydasiga voyaga yetmagan uch nafar farzandi taʼminoti uchun har turdagi daromadidan 1/2 qism miqdorida aliment undirish haqidagi sud buyrugʻi MIB tuman boʻlimi ish yurituviga shu yilning 23 yanvar kuni kelib tushgan edi. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida ushbu oila yarashtirilishiga erishildi.
Lekin afsuski, ushbu davrda 25 ta ijro ishi boʻyicha qarzdorlardan jami 32 million 450 ming soʻmdan koʻproq aliment pullari talabgorlarga undirib berildi. Bu mablagʻlar mazkur oilalarda kamolga yetayotgan farzandlarning moddiy ehtiyojlari yoʻlida sarflanadi.
Biroq bola qalbidagi ota mehriga boʻlgan tashnalikni moddiy vositalar bilan qondirib boʻladimi, degan oʻy oʻtadi koʻngildan. Majburiy ijro byurosi tomonidan, avvalo, oiladagi muhit sogʻlomligini qayta tiklashga eʼtibor qaratilayotgani esa eʼtirofga loyiq, albatta.
Fazliddin ABILOV (“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring