Boʻka tumani soliq inspektori fermerning qarzdorligini yopib berish evaziga pora olayotgan vaqtida ushlandi

09:44 16 Mart 2026 Jamiyat
233 0

Toshkent viloyati Boʻka tumani Soliq inspeksiyasining bosh inspektori oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, noqonuniy yoʻl bilan boylik orttirishga uringani fosh etildi. Mazkur mansabdor shaxs paxta va gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjaligi rahbarining ishonchiga kirib, xoʻjalikning soliq organlari oldidagi 165,6 mln soʻmlik qarzdorligini toʻlash muddatini viloyat soliq boshqarmasidagi tanishlari orqali uzaytirib berishni vaʼda qilgan. Ushbu “xizmati” evaziga bosh inspektor fermerdan 10 mln soʻm miqdorida pul mablagʻi talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi soʻralgan pullarni oʻz xizmat xonasida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi. Mazkur holat yuzasidan bosh inspektorga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddalari (Pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Huquq-tartibot idoralari fuqarolarni bu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda DXXning 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishga chaqirib, xabar bergan shaxslarning maʼlumotlari sir saqlanishini kafolatlashini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?