Boysunda “Olma sayli” boʻlib oʻtdi

16:04 18 Oktyabr 2022 Jamiyat
722 0

Foto: Xalq so‘zi

Boysun olmasi oʻziga xos taʼmi, hidi, sersuvligi bilan turdoshlaridan ajralib turadi. Asosan tumanning togʻoldi qishloqlari - Duoba, Xoʻjaidod, Oʻrmonchi, Machay, Darband hamda Avlod mahallalarida parvarish qilinadigan bu turdagi olma nafaqat yurtimiz bozorlari, balki xorijda ham xaridorgir.

Maʼlumotlarga koʻra, har yili vohada 10 ming 451 gektar maydonda olma yetishtiriladi. Boysunda olmachilik bilan shugʻullanuvchi yuzga yaqin fermer xoʻjaliklar faoliyat olib bormoqda. Ular tomonidan yaratilgan 262 gektar olmazordan bir yilda 2 ming 752 tonnadan ziyod hosil olinadi.

Shu paytgacha tumanda faqat mahalliy olma yetishtirilgan boʻlsa, endi esa krepson, simerenko, golden va karlik kabi navlarni ekib, moʻl hosil olishga boʻlgan qiziqish ortib bormoqda. Xususan, joriy yilning oʻzida viloyatda 6 ming 75 gektardan ortiq maydonda yangi olmazorlar barpo etildi.

Soha mutaxassislarining maʼlum qilishicha, Surxondaryo iqlim sharoiti oʻziga xosligi, ayniqsa, toʻrt faslning moʻtadil boʻlishi moʻl-koʻl hamda sifatli meva-sabzavot va poliz ekinlari yetishtirishga mos. Yetishtirilayotgan tabiiy darmondorilarga boy bu mahsulotlar ayni chogʻda dunyoning 24 davlatiga eksport qilinmoqda. Birgina oʻtgan yili viloyatda yetishtirilgan hosilning 350 tonnasi yoki 132 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Ilk marotaba tashkil etilgan “Olma sayli” bayramona tus oldi. Tadbir hududning turizm imkoniyatlarini namoyish etish, olma yetishtirish va uning eksportini yanada rivojlantirish hamda bogʻbonlar oʻrtasida tajriba almashish imkonini yaratib berdi.

Sayl davomida rasmlar, milliy taomlar koʻrgazmasi hamda konsert dasturi ham namoyish etildi.

Festival yakunida “Eng faol mahalla”, “Eng faol tashkilot”, “Eng shirin olma bogʻi yaratuvchisi” nominatsiyalari boʻyicha tanlovlarning gʻoliblari diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер