“Boysun baraka chevarlari” ish boshladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston hududlarida tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan aholi zich yashaydigan, mehnat resurslari koʻp hududlar tanlab olinib, uzoq qishloq ayollarining bandligini taʼminlashga erishilmoqda. Bu boradagi amaliy harakatlar natijasida Boysun tumanida “Boysun baraka chevarlari” korxonasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga moʻljallagan mazkur korxonada 150 nafar xotin-qizlar doimiy ish oʻrniga ega boʻlishdi.
Korxonaning tantali ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar vakillari ishtirok etdi.

Yengil konstruksiyali qurilish materiallaridan foydalanib, 1 oy muddatda qurib bitkazilgan majmuada kiyinish, yuvinish, oshxona, dam olish va tibbiyot xonalari mavjud boʻlib, ishchi-xizmatchilar uchun qulay sharoitlar muhayyo etilgan. Korxona Xitoy, Turkiya va Yaponiyada ishlab chiqarilgan eng zamonaviy tikuv mashinka va dastgohlari bilan jihozlangan. Majmuani qurish va jihozlash ishlariga 1,7 milliard soʻmga yaqin mablagʻ yoʻnaltirildi.
Davlatimiz rahbarining 5 ta muhim tashabbusi ijrosi, xususan, xotin-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan mazkur korxonada kelgusida ishchilar sonini 300 nafarga yetkazish koʻzda tutilgan.
Yangi korxonaning ochilish marosimida viloyat hokimi T.Bobolov ishtirok etdi.
Ilhom Rahmatov,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring