“Boysun bahori” xalqaro folklor festivalida boqiy ohanglar jaranglamoqda
Foto: Халқ сўзи
Bugun Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi soʻlim va bahavo Padang qishlogʻida dunyo sanʼat ixlosmandlarini bir joyda jamlagan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali koʻtarinki ruhda boshlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 7-fevraldagi “Boysun bahori xalqaro folklor festivalini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻtkazilayotgan ushbu nufuzli sanʼat bayrami xalqimizning bebaho qadriyatlari bardavomligini taʼminlash, shu jumladan, xalq dostonlari, hunarmandchiligi, milliy liboslari va xalq oʻyinlari, qadimiy urf-odatlarini saqlab qolish hamda ularni keng targʻib qilishdek ezgu maqsadlarni oʻzida mujassam etgan.

Xalqaro YUNESKO tashkiloti, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan festivalda mamlakatimizning barcha hududlari hamda xorijiy davlatlardan kelgan folklor-etnografik jamoalar oʻz sanʼatini namoyish etmoqda.
Asosiy tadbirlar boʻlib oʻtayotgan Padang qishlogʻidagi adirliklarda Termiz shahri va barcha tumanlarining ramziy qoʻrgʻoni sifatida 100dan ortiq oʻtovlar oʻrnatildi. Ularda har bir hududning oʻziga xos turistik salohiyati, milliy urf-odat va anʼanalari, madaniy merosi, xalq ogʻzaki ijodi namunalari namoyish etiladi. Badiiy sahna bayramona bezatilgan. Festival doirasida xalq sayillariga keng oʻrin berildi. Shuningdek, milliy taom, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari koʻrgazmalari tashkil etildi. Etnosport, velomarafon, milliy kurash musobaqasi, uloq-koʻpkari, varrak uchirish, arqon tortish, chillak va boshqa xalq oʻyinlari uyushtirilmoqda. Baxshilar ijro etgan doston, termalar, folklor jamoalarning oʻlan-laparlari, ayniqsa, turli maydon tomoshalari tadbir ishtirokchilariga koʻtarinki kayfiyat ulashmoqda.

Festival doirasida Termiz shahridagi Imom Iso Termiziy ilmiy-tadqiqot markazida “Jahon sivilizatsiyasida Boysunning moddiy va maʼnaviy madaniyati” xalqaro ilmiy anjuman ham boʻlib oʻtdi. Unda etnograf, arxeolog va tarixchi, sanʼatshunos va folklorshunos olimlar tomonidan «Surxon vohasining etnomadaniy hayotida Boysun madaniyati va maʼnaviyatining oʻrni», “Milliy madaniyat rivojida folklor sanʼatining ahamiyati”, “Boysunning tarixiy va ekoturizm salohiyati – xalqaro turizmning yangi tarmogʻi sifatida”, “Xalqaro madaniy aloqalarini mustahkamlashda Boysun madaniy muhitning taʼsiri” kabi mavzularda qimmatli maʼlumotlar taqdim etildi.

“Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining tantanali ochilish marosimida xalqaro YUNESKO tashkiloti, xorijiy davlatlarning yurtimizdagi diplomatik korpusi vakillari, shuningdek, turli davlat va jamoat tashkilotlari hamda mahalliy va chet ellik sayyohlar hamda keng aholi vakillari qatnashdi.

Unda soʻz olgan Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qayta yoʻlga qoʻyilgan bu festival milliy anʼanalarimizni asrab-avaylab, folklor sanʼatini eʼzozlash, yosh avlod ongu shuurida xalq ogʻzaki ijodiga boʻlgan qiziqishni yanada oshirishga, nomoddiy madaniy merosning eng yaxshi namunalarini muhofaza qilish va rivojlantirishga, jahon xalqlari vakillarini maʼnaviy muloqotga chorlab, milliy anʼanalar asosida xalqaro madaniy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Qayd etilganidek, Boysun madaniy muhiti ilk bor 2001-yilda jahon hamjamiyatlari madaniy obyektlarining 19 nominantlari orasida YUNESKO tomonidan “Insoniyatning ogʻzaki va nomoddiy madaniy merosi” sifatida eʼtirof etilgan. 2008-yili esa YUNESKOning “Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi” Reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan. Anʼanaviy ravishda oʻtkazib kelinayotgan bu festival xalq ogʻzaki ijodi rivojini taʼminlash, boy madaniy, moddiy va nomoddiy merosni xalqaro miqyosda namoyish etishga imkon berayotir.

Festivalning tantanali ochilish marosimi turli folklor jamoalari, taniqli xonandalar ijrosidagi konsert dasturiga ulandi. Dronlar shousi va rango-rang mushaklar yogʻdusi nufuzli sanʼat anjumani ishtirokchilariga bir olam zavq-shavq ulashdi.
“Boysun bahori” xalqaro folklor festivali ertaga ham davom etadi.
Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring