“Boychechak-boychechak, kutib oling oy checha!”
Bolaligimda Mirza vohasidan ota yurtimiz Samarqand viloyatining Qoʻshrabot tumanidagi Tepalik qishlogʻiga borganimda, Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining nevarasi, yaʼni katta enam Oliya Turdim qizi biz kabi besh-oʻnta nevara-chevaralariga Navroʻz haqida aytimlar aytib bergani hamon esimda. Mana bu satrlar oʻsha eshitganlarimdan:
Zargar-zarning egasi,
Bormi koʻngil chegasi?
Yunus, Misqol parilar
Goʻroʻgʻlining bekasi.
Koʻz gavhari yulduzda,
Qalb quvonchi kunduzda,
Bahorning xushboʻy hidi
Ariqdagi yalpizda.
Yana enam aytardiki, qadimda Navroʻz bayramida “Boychechak” marosimi oʻtkazilib, unda qishloq ahli ikki guruhga boʻlinib, bir tomoni “boychechak” ikkinchi tomoni “qish” boʻlib oʻzaro aytishuvda ishtirok etgan. “Boychechak” tomon oʻzlarini koʻklam gullari bilan bezatar, qish tomoni esa poʻstinlarini teskari kiyib olardi. Keyinchalik bilsam, bunda qishning ketib koʻklamning kelishi shu tariqa ramziy maʼno kasb etgan ekan.
Koʻklam tomon hovlima-hovli yurib boychechak qoʻshigʻini aytib qishni quvishgan. Boychechak qoʻshigʻini eshitgan odamlar shu kunlarga yetganiga shukr qilib quvonishgan. Ayniqsa, bemorlar bu qoʻshiqni jon-dilidan sevishgan. Ular bahor kelganini bilib, oʻzlarini yengil his qilgan. Qariyalar boychechakni koʻzlariga surtib, “Omonlik-somonlik, hech koʻrmaylik yomonlik, yanagi shu kunlarga eson-omon yetaylik” deb yaxshi niyatlar qilishgan. Aholi “boychechakchi”larga yordam berish barobarida ularga turli oziq-ovqat mahsulotlari, yeguliklar hadya qilgan. Yakunda ushbu tortiqlar katta qozonga solingan. Ushbu udum “Qozontoʻldi” degan nom bilan atalgan. Ana shunday lahzalarda baxshilar qoʻliga doʻmbirasini olib, terma-yu dostonlarni boshlab yuborganlar:
Yigitning shunqori shunda,
Bedovning tulpori shunda,
Er yigitning ori shunda,
Koʻpisining yori shunda,
Tomoshaning bari shunda.
Hozirgi kunda Navroʻz bayramidagi xalq oʻyinlari ota-bobolarimizdan qolgan yuqoridagidek qadimgi udumlardandir. Zero, Navroʻzimiz bilan bogʻliq neki udum, aytim, marosim borki, bularning bari umrboqiy madaniy meroslarimiz, xalq ogʻzaki ijodiyotimizning ziynatidir.
Alisher NUR,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring