Bogʻishamolda suv taʼminoti yaxshilanmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Bogʻishamol mahallasi Andijon shahrining eng soʻlim, bahavo hududi hisoblanadi. Adirlik yon-bagʻrida joylashgani bois kechayu kunduz mayin shabboda esib turadi. Afsuski, mana shunday soʻlim manzilning ham oʻziga yarasha muammolari bor. Misol uchun, bogʻishamolliklar toza ichimlik suvi masalasida qiynaladilar.
— Oʻttiz yildan beri shu yerda yashayman, — deydi bogʻishamollik Nurillo Mullaboyev. — Dastlab har bir koʻchada 15-16 ta xonadon bor edi, bugungi kunga kelib ularning soni 70 taga yetdi. Bu esa, tabiiyki, toza ichimlik suvi taʼminotidagi tanqislikni yuzaga keltirdi.
Aytish kerakki, shu paytgacha ichimlik suvi mahallaga kunning belgilangan soatlarida yetkazib berilgan. Endilikda aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan mahallada olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari tufayli taʼminot vaqti va suv miqdori ortishiga erishiladi.
— Hozirda ushbu manzilda “Suv maxsus taʼmir” hamda “Vodiy yulduzi” MCHJlari tomonidan 2 ta nasos stansiyasi va 2 ta suv saqlash inshooti qurilyapti,— deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ direktori Shuhratbek Matmusayev. -Shuningdek, 5,2 km masofaga suv quvurlarini tortish ishlari amalga oshiriladi. Buning uchun 2 mlrd. 800 mln. soʻm mablagʻ ajratildi.
Loyiha foydalanishga topshirilgach, Bogʻishamol Andijon shahridagi yashash uchun eng qulay mahallalardan biriga aylanadi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring