“Bogʻishamol”da bolalar maroqli dam olmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Andijon viloyatida kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun yozgi taʼtilni mazmunli tashkil etish maqsadida “Mahalla” xayriya jamoat fondi yana bir xayrli ishga qoʻl urdi. Bevosita fond tashabbusi bilan viloyatdagi “Bogʻishamol” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida ayni damda ehtiyojmand oilalarning 50 nafar oʻgʻil-qizi maroqli hordiq chiqarmoqda.

— Oromgohdagi sport maydoni, choʻmilish havzasi, oshxona, kutubxonadagi imkoniyatlar menga juda ham yoqdi, — deydi Andijon shahridagi 38-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Azizbek Karimov. — Turli bellashuvlarda oʻz qobiliyatimizni namoyish etib, sport va hunarmandchilik mashgʻulotlarida bilmaganlarimizni oʻrganyapmiz. Bu yerda har bir kunimiz unutilmas taassurotlar bilan oʻtmoqda.
Muazzam Normatova Boʻston tumanidagi Yangiobod mahallasida yashaydi. “Ayollar daftari”da turadi. Qizi Ozoda “Bogʻishamol”da dam olayotganidan Muazzam gʻoyatda mamnun.
— Qizim oromgohda sport va musiqa mashgʻulotlarida qatnashayotganini xursand boʻlib aytdi, — deydi M. Normatova —Chevarchilikni ham oʻrganyapti ekan. Baʼzan oilamizda yaratib bera olmayotgan sharoitlar bu yerda mavjudligi meni nihoyatda quvontirdi. Tashkilotchilarga, saxovatli insonlarga rahmat deyman!
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring