“Boburnoma” italyan tilida nashrdan chiqdi

16:09 17 Iyul 2023 Jamiyat
629 0

Foto: “Xalq soʻzi”

XV-XVII asrlarda Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston, Hindiston va Eronda sodir boʻlgan tarixiy voqealar haqida hikoya qiluvchi Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” tarixiy-biografik asari Italiyaning tarixiy ilmiy-ommabop adabiyotlarga ixtisoslashgan yetakchi nashriyotlaridan biri “Sandro Teti Editore” nashriyot uyida italyan tilida chop etildi.

Kitobning Bobur nomli xalqaro jamoat fondida boʻlib oʻtgan taqdimot tadbirida boburshunos, adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda maʼlum qilinishicha, kitobni chop etishga tayyorlashda Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov, italiyalik taniqli turkolog, professor Federiko De Rensilarning hissasi katta boʻldi.

— Davlatimiz rahbarining 2023-yilning 25-yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida»gi qarorida shoh va shoir Bobur mirzoning hayoti, faoliyati, ijodiga boʻlgan ilmiy izlanishlarga eʼtiborni kuchaytirish, ilmiy va tarixiy maʼlumotlarni keng targʻib etish, uning ijodi va hayotiga oid yangi manbalarni nashrdan chiqarib, ommaga taqdim etish kabi vazifalar belgilab berilgan edi, — deydi “Bobur” xalqaro jamoat fondi rahbari Zokirjon Mashrabov. — “Boburnoma”ning italyan tiliga tarjima qilinib, chop etilishi qaror ijrosini taʼminlash doirasidagi asosiy vazifalarimizdan biri sifatida belgilangandi.

Kitob Prezidentimizning soʻzboshisi hamda atoqli italyan olimi va adibi Franko Kardinining kirish soʻzi bilan boshlanadi. Unda Boburning jahon ilm-fani tamadduniga qoʻshgan hissasi, ilmiy-ijodiy merosining ahamiyati haqidagi fikrlar oʻrin olgan. Kitob italiyalik oʻquvchilarga manzur boʻlish bilan bir qatorda, jahon ahamiyatiga molik nodir asar sifatida qadrlanishiga ishonchim komil.

Shuningdek, Qirgʻiziston, Hindiston, Pokiston, Ozarbayjon kabi oʻnlab davlatlardan tashrif buyurgan boburshunos olimlar ishtirokidagi ushbu tadbirda professorlar Hamidullo Boltaboyev, Akromjon Yuldashev, adabiyotshunos olim Vahob Rahmon kabilar ham “Boburnoma”ning yangi nashri jahon adabiyotining durdona asari sifatida eʼzoz topishini qayd etdilar.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер