BMT shafeligida havo sifatiga oid maʼlumotlar banki yaratildi
Abu-Dabi shahrida boʻlib oʻtgan Dunyo shaharlari forumining toʻqqizinchi sessiyasida yangi loyiha — havo sifati boʻyicha maʼlumotlarning jahondagi eng yirik banki ishga tushirildi. Bugungi kunda sayyoramizdagi har 10 kishidan 9 nafari meʼyoridan ortiq ifloslangan havodan nafas oladi. Bu dunyo aholisining 92 foizidir, deb maʼlum qildi BMT yangiliklar xizmati.
Ifloslangan havo har yili qariyb 4,2 mln. kishining umriga zomin boʻladi. Uning asosiy qurbonlari ayollar va yosh bolalardir. Kam rivojlangan davlatlarda 5 yoshgacha boʻlgan bolalarning 98 foiz zaharlangan havodan nafas oladi. Bunday holat har yili 15 yoshgacha boʻlgan 600 ming bolani hayotdan olib ketadi.
Jahon bankining baholashicha, havo ifloslanishi munosabati bilan sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot uchun har yili 5 trln. dollar sarflanadi, sof daromad esa 225 mlrd. dollargacha qisqarib ketadi. Bu summa jahondagi eng boy uchinchi mamlakat — Yaponiya yalpi ichki mahsuloti bilan tengdir.
Mazkur muammo bilan kurashish doirasida BMTning Atrof-muhit boʻyicha dasturi(YUNEP) va BMTning Aholi punktlari boʻyicha dasturi(Xabitat) tomonidan havo sifati boʻyicha eng yirik maʼlumotlar banki yaratildi. Ushbu tashabbus BAA poytaxti Abu-Dabida yaqinda boʻlib oʻtgan forumda taqdim etildi.
Ayni paytda bazaga 4 mingdan ortiq provayderlar, shu jumladan, hukumatlardan ham maʼlumotlar kelib tushyapti. Unga ayni paytda 15 milliondan ziyod foydalanuvchilar ulangan.
Bugungi kunda shaharlarda 3,5 mlrd., sayyoramiz aholisining 55 foizi istiqomat qilmoqda. 2030-yilga borib ushbu koʻrsatkich 5 mlrd.gacha koʻpayib, yerliklarning 75 foiziga yetadi.
Shiddatli urbanizatsiya jarayonlari yangidan-yangi imkoniyatlarni vaʼda bermoqda. Bu industriallashuv sohasiga ham bevosita taalluqlidir. Ayni paytda bunday holat biz yashayotgan atrof-muhit, jumladan, nafas olayotgan havo ifloslanishiga olib kelyapti.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring