BMT Inson huquqlari kengashi Markaziy Osiyo mamlakatlari tashabbusi bilan “Har bir bola uchun tinchlik va bagʻrikenglik ruhida sifatli taʼlimni taʼminlash” rezolyutsiyasini qabul qildi
Jenevada BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 54-sessiyasi chogʻida Markaziy Osiyo mamlakatlarining (Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston) birgalikdagi tashabbusi bilan “Har bir bola uchun tinchlik va bagʻrikenglik ruhida sifatli taʼlimni taʼminlash” rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Hujjat BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo boʻlgan 47 davlatning barchasi tomonidan istisnosiz ravishda bir ovozdan maʼqullandi. Uni BMT tizimida mavjud boʻlgan barcha mintaqaviy guruhlarning vakili boʻlgan 61 davlat qoʻllab-quvvatladi va unga qoʻshildi.
Loyiha Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari diplomatiya vakolatxonalarining yaqin hamkorligida va xalqaro tashkilotlar, jumladan, Inson huquqlari boʻyicha Oliy Komissar boshqarmasi ekspertlarining tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan.
Rezolyutsiyaning konsensus asosida qabul qilinishi Markaziy Osiyo mintaqasida bolalarni, shu jumladan, qurolli va terroristik guruhlar bilan bogʻliq jabrlangan bolalarni oʻqitish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlarni xalqaro hamjamiyat keng qoʻllab-quvvatlayotganini namoyon etadi.
Qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq, Inson huquqlari boʻyicha kengashning 57-sessiyasi davomida barcha bolalar, ayniqsa, eng zaif ahvolda boʻlgan bolalar uchun tinchlik va bagʻrikenglik ruhida qulay, inklyuziv, adolatli va sifatli taʼlim olish masalasi boʻyicha panel muhokamasi oʻtkaziladi.
Bundan tashqari, Inson huquqlari boʻyicha Oliy Komissar boshqarmasi barcha bolalar, ayniqsa, eng zaif holatlarda boʻlgan bolalar uchun tinchlik va bagʻrikenglik ruhida qulay, inklyuziv, adolatli va sifatli taʼlimni rivojlantirish boʻyicha aniq tavsiyalar bilan keng qamrovli hisobot tayyorlaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring