BMT 2021-yilda gumanitar yordamga muhtoj boʻluvchi odamlar sonini maʼlum qildi

23:12 01 Dekabr 2020 Dunyo
1184 0

2021-yilda dunyo boʻylab 235 million odam oziq-ovqat va boshqa gumanitar yordamlarga muhtoj boʻladi.

Bu haqda “Associated Press” BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish idorasi (GMMI)ga asoslanib xabar berdi.

Taʼkidlanishcha, joriy yilda, BMT hisobotiga koʻra, har 45-chi aholi yordamga muhtoj boʻlgan boʻlsa, kelasi yilda gumanitar yordam Yerning har 33-chi aholisiga kerak boʻladi. Bundan kelib chiqadiki, yordamga muhtoj odamlar soni deyarli 40 foizga koʻpaygan. Ushbu tendensiya esa COVID-19 pandemiyasi, mahalliy mojarolar, majburiy migratsiya hamda global isish oqibatlari kabi bir qator omillarga bogʻliq boʻlib qolmoqda.

GMMI taxminlariga koʻra, dunyo boʻylab 160 million kishini gumanitar qoʻllab-quvvatlash uchun tashkilot va uning sheriklariga 35 milliard dollar kerak boʻladi. Bu 2020-yilda xalqaro gumanitar yordam uchun ajratilgan rekord darajadagi 17 milliard dollardan ikki baravar koʻpdir.

«1990-yillardan buyon birinchi marta oʻta qashshoqlik darajasi koʻtariladi, umr koʻrish davomiyligi pasayadi, OIV, sil hamda bezgakdan har yili vafot etuvchilar soni ikki baravarga oshadi. Shuningdek, ochlik xavfi ostida boʻlgan odamlar soni qariyb ikki baravar koʻpayishidan ham qoʻrqmoqdamiz», deya maʼlum qildi GMMIga rahbarlik qilayotgan BMT gumanitar missiyasi rahbari Mark Loukok.

Oʻz navbatida, BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ham COVID-19 pandemiyasining taʼsiri tobora yomonlashib borayotganligi sababli insonparvarlik yordami byudjetlari hozirgi paytda ulkan yetishmovchilikka duch kelayotganligini taʼkidladi.

Pandemiya dunyoning har bir mamlakati va burchagida odamlar hayotini oʻzgartirdi. Shundoq ham qil ustida yashayotganlar oziq-ovqat mahsulotlarining nomutanosib ravishda yuqori narxlaridan, daromadlar pasayotganidan, emlash dasturlari toʻxtatilib, maktablar yopilayotganidan aziyat chekishmoqda», deya qayd etdi Bosh kotib.

Shu munosabat bilan, BMT inqiroz oqibatlariga zaif deb topilgan jami 56 mamlakat uchun qariyb 30 ga yaqin individual rejalarni taqdim etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер