“Biz qoʻshnilarmiz, qoʻshnilar tanlanmaydi...” — Lukashenko yaqin ikki yil ichida dunyoda katta oʻzgarishlar boʻlishini aytdi

17:38 11 Avgust 2023 Dunyo
1638 0

Foto: РИА «Новости»

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 2024-2025-yillarda dunyoda jiddiy oʻzgarishlar boʻlishini aytdi.

“Ishoning, vaqt keladi — 2024-2025-yillarda dunyoda, jiddiy oʻzgarishlar boʻlishiga ishonaman”, — dedi Lukashenko Minsk milliy aeroporti hududida mehnat jamoalari bilan uchrashuv chogʻida.

Uning taʼkidlashicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari Belarus bilan qoʻshni, shuning uchun ular bilan munosabatlarni yoʻqotib boʻlmaydi.

Lukashenko hukumat va mamlakat tashqi ishlar vazirligiga Gʻarb davlatlariga “yaxshi qoʻshnichilik va tinchlik rejasi”ni taklif qilishni topshirgan. Belarus rahbarining soʻzlariga koʻra, u bosh vazir Roman Golovchenkoga Polsha bilan bogʻlanib, munosabatlarni yaxshilash masalasini muhokama qilishni ham buyurgan.

“Biz qoʻshnilarmiz, qoʻshnilar tanlanmaydi, ular Xudodan”, — degan Lukashenko.

Oldinroq, Polsha Belarus bilan chegaraga 10 ming askar joylashtirishini maʼlum qilgan edi. Bu mamlakat mudofaa vaziri Mariush Blashchak tomonidan ham tasdiqlandi.

Unga koʻra, chegarada 10 000 ga yaqin askar joylashtiriladi. 4 000 askar Chegara xizmatini qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq boʻlgan operatsiyada bevosita ishtirok etadi va yana zaxirada 6 000 askar boʻladi.

Ikki mamlakat chegarasida Polsha kontingentining koʻpayishiga 1-avgust kuni Polshaning Belovej qishlogʻi aholisi Belarusning ikkita jangovar vertolyotini payqagani sabab boʻldi. Keyinroq davlat chegarasi buzilgani haqidagi maʼlumot mamlakat mudofaa vazirligi tomonidan ham tasdiqlandi.

7-avgust kuni Belarus Polsha va Litva chegaralari yaqinida harbiy mashgʻulotlarni boshlagani maʼlum boʻldi. Shuningdek, Polsha Belarusda “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi askarlari mavjudligi sababli mamlakatni himoya qilish uchun chegarani yopishi mumkinligini ham istisno qilmadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер