“Biz kechagi odamlar emasmiz!”
Yurtboshimiz Mustaqilligimizning 29 yilligi munosabati bilan yoʻllagan tabrigida juda haq gapni aytdilar: “Biz kechagi odamlar emasmiz!” Chindan ham shunday.
Bugun bizning aytimlarimiz, tutimlarimiz boshqacha boʻldi. Nigohlarimiz uchqur, eʼtiroflarimiz adolatli, koʻngillarimiz dilgir boʻldi. Nazarimda, odamlarimiz yangicha fikrlaydigan, kelajakka ishonch bilan intiladigan boʻldilar. Bugun tadbirkorlar boy boʻlish yoʻlini bildilar va himmat yoʻlini tanladilar. Bugun odamlar dunyoni lol qoldirish mashqini egalladilar va gʻalaba nashidasini surmoqlikni oʻrgandilar. Bugun odamlar halol va haromning, savob va gunohning hikmatini angladilar. Demak, biz toʻgʻri yoʻldamiz!
Biz 29 yil ichida juda koʻp yaxshi ishlar qildik. Va ulkan zafarlarga ham erishdik. Koʻzlarimiz vatanning goʻzalligiga, quloqlarimiz esa ezguliklar farmoyishiga oʻrgandi.
Ayniqsa, keyingi uch-toʻrt yil ichidagi shiddatli islohotlar unumini hali millat millat boʻlgandan buyon koʻrmagan desak rost boʻladi.
“Isloh” soʻzining lugʻaviy maʼnosi “tuzatish, tubdan yangilash, yaxshilash” demakdir. Shunday ekan, yangiliklarimiz yaxshiliklarga xizmat qilsin. Har birimiz tashabbus, ijodkorlik, innovatsiya, shijoat tuygʻusi bilan yashaylik.
Bunday qaraganda, Yurtboshimizning aytganlarini qilyapmiz, xolos. Uni ham baʼzan yalqovlik va tanballik bilan, manfaat va taʼma bilan, ochkoʻzlik va nochorlik bilan bajaryapmiz. Shumi, bizning doʻstligimiz, oʻylab qolasan odam. Sadoqatimizu muhabbatimiz qani?! Fidoyilik qayerda qoldi?
Yurtga bosh boʻlish oson ish emasligini hamma biladi. Zamon yukini tortish, davron gʻamini chekish elboshining qismatida yozilgan. Ammo yelkadoshlik, orqadoshlik degan buyuk tuygʻular ham bor-ku!
Bugungi kungacha iqtisodiy, ijtimoiy masalalarda, davlatchilik, qonunchilik sohalarida juda koʻp muvaffaqiyatlarga erishdik. Bozorlarimiz, doʻkonlarimiz toʻldi. Qornimiz, koʻzimiz toʻydi, Allohga shukr! Endi bir muammo borki, undan koʻz yumolmaymiz.
Millat gʻururi masalasi! Biz qachonki, bolalarimiz qalbida milliy gʻururni uygʻotolmas ekanmiz, bu faxrni qon-qoniga singdirmas ekanmiz, maʼnaviy dunyomiz oqsoqlanaveradi!
Bizning xalqimiz sodda, oqkoʻngil xalq. Bir tanu bir jon boʻlishga ham, yakdil va ahil boʻlib harakat qilishga ham, kechayu kunduz mehnat qilishga ham tayyor xalq. Faqat ularga bir hovuch buzgʻunchilar toʻsqinlik qilmasalar bas! Oʻz amaliga, nafsiga qul boʻlganlarga qul boʻlmasak bas!
Shundagina, elparvar yurtboshimiz bilan birga misli koʻrilmagan marralarni egallashimiz muqarrar!
Dunyo tamaddunida oʻzbeklar tarixining yangi sahifasini yaratish davri keldi. Yangi qarashlar, yangi fikrlar, halollik va poklik bilan yangi hayot quraylik!
Farida BOʻTAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring