“Biz Gʻazoda begunoh odamlarning oʻldirilishini qabul qilmaymiz” — Erdogʻan Isroil va Gʻazoda tinch aholining oʻldirilishiga qarshi chiqdi
Foto: ВВС
Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan Isroil va Gʻazoda tinch aholining oʻldirilishiga qarshi chiqdi.
Siyosatchi, shuningdek, Tel-Avivni oʻzini tashkilot kabi emas, davlat kabi tutishga chaqirdi.
“Isroil esda tutishi kerakki, agar u oʻzini davlat kabi emas, balki tashkilot kabi tutsa, oxir oqibat unga tashkilotdek munosabatda boʻlinadi”, dedi Turkiya rahbari Gʻazo sektoridagi ommaviy vayronagarchiliklar haqida xabarlarga munosabat bildirib.
Unga koʻra, Anqara Isroil hududida tinch aholining oʻldirilishiga aniq qarshi.
“Xuddi shunday, biz Gʻazoda begunoh odamlarning oʻldirilishini qabul qilmaymiz”, — deydi Turkiya rahbari.
Oldinroq, Gʻazo sektorida Isroil harbiy-havo kuchlarining zarbalari natijasida eskalatsiya boshlanganidan beri kamida 22 639 ta turar-joy binosi va 10 ta tibbiyot muassasasi vayron boʻlgani maʼlum boʻlgan edi. Otishma paytida 48 ta mahalliy maktab zarar koʻrgan. Hududda elektr taʼminoti uzilgan va internet ishlamayapti.
Shu yilning 7-oktyabr kuni ertalab HAMAS (Gʻazo sektorida hukmronlik qiluvchi Falastin islomiy harakati va siyosiy partiyasi) Isroilga hujum qildi. Mamlakat boʻylab 3000 ga yaqin raketa uchirildi.
HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqsa toʻfoni” deb nomlangan harbiy operatsiya boshlanganini eʼlon qildi. “Bu Yer yuzidagi soʻnggi ishgʻolga barham berish uchun eng katta jang boʻladigan kun”, dedi HAMASning harbiy rahbari Muhammad Deif.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat urush holatida ekanini maʼlum qildi.
“Biz harbiy operatsiya oʻtkazmayapmiz, urush holatidamiz. HAMAS Isroil davlati va fuqarolariga qarshi kutilmaganda ajalvor hujum boshladi. Isroil sarhadlarini terrorchilardan tozalashga, zaxiradagilarni safarbar qilishga buyruq berdim. Dushman hamma qilgani uchun nasibasini oladi”, degan Netanyahu.
Mamlakat mudofaa vaziri Yoav Galant zaxiradagi askarlarni armiyaga jalb qilishni maʼqulladi. Isroil HAMASning harakatlarini urush eʼlon qilish, deb atadi. “Bugun ertalab HAMAS jiddiy xatoga yoʻl qoʻyib, Isroil davlatiga qarshi urush boshladi. Isroil davlati bu urushda gʻalaba qozonadi”, — deydi Yoav Galant.
Bunga javoban 10-oktyabr kuni Isroil Gʻazo sektoridagi HAMAS jangarilari marralariga keng koʻlamli zarbalar bera boshladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring