Bitiruvchilarga diplom topshirildi
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Navoiy Davlat pedagogika institutini bu yil 28 ta taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha jami 4284 nafar yigit-qiz muvaffaqiyatli yakunlab, bakalavrlik diplomiga sazovor boʻldi. El tilida oltin davr nomini olgan lahzalarni ortda qoldirib, 47 nafar yigit-qiz magistrlik unvonini qoʻlga kiritishdi. Bu damlar ularning har biri uchun ham shukuhli, irodasining chinakam toblanish yillari boʻldi.
— Institutda tahsil olgan toʻrt yilni hayotimning eng baxtli onlari deb hisoblayman, — deydi imtiyozli asosda talabalikka qabul qilinib, pedagog degan sharafli nomga sazovor boʻlgan Fariza Amonboyeva. — Taʼlim olish bilan birga, turli tanlov va fan olimpiadalarida ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritdim Bugun oʻzimning Tomdi tumanidagi olis “Chuqurquduq” qishlogʻimga qaytib, mamlakatimiz, Yurtboshimiz bildirgan ishonchni oʻz mehnatim bilan oqlayman.
Bitiruvchilarga diplomlarni topshirish marosimi tantanalari haqiqiy bayram tusini oldi. Unda soʻzga chiqqan viloyat sektorlari rahbarlari mamlakatimizda taʼlim, kelajak avlod tarbiyasiga katta eʼtibor berilayotgani, bu mehnat faoliyatini boshlovchi yosh oʻqituvchilar uchun katta masʼuliyat va sharaf ekanini eʼtirof etdi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda institut nufuzi oshib, uning moddiy texnik bazasi tubdan takomillashtirilishi, zamon talabidagi kommunikatsiya tarmoqlari talabalarga masofaviy oʻqitish, internetdan keng foydalanish imkoniyatini berayotganligi ilm yoʻlini tanlagan yoshlar yangi-yangi dovonlar zabt etishiga qanot boʻlmoqda.

— Ayni kunlarda 15 gektarlik maydonda institutimizning yangi binosi qurilishi boshlanmoqda, — deydi Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, professor Muhiddin Kalonov. — Ushbu hududda 12 ming oʻrinli oʻquv binolari, 2400 oʻrinli talabalar uylari va boshqa bir qator inshootlar qad rostlaydi. Yangi oʻquv yilimizning yana bir muhim yangiliklari — yoshlarning barkamol shaxs sifatida taʼlim va tarbiya olishlaringiz uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishga eʼtibor qaratamiz. Xususan, institutimizda “viloyat Hokimi stipendiyasi”, “Munozara” intellektual oʻyini boʻyicha Hokim kubogi musobaqasi, shuningdek, viloyat hokimi tashabbusi bilan institutda “Startap loyihalar” tanlovi oʻtkazilib gʻolib loyihalar viloyat hokimligi tomonidan moliyalashtiriladi.
Tantanalarda soʻz olgan ota-onalar taʼlimdagi islohotlardan minnatdorligini alohida izhor etdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring