Birga yashash saodati

13:34 15 Avgust 2022 Jamiyat
989 0

Foto: Xalq so‘zi

Namanganda eng ulugʻ, eng aziz ayyom oldidan 60 yil va undan ziyod vaqt birga turmush kechirib, oila atalmish qoʻrgʻonni muqaddas sanagan, sof tuygʻulari turmush mashaqqatlarida toblangan va bugungi kunda birga umrguzaronlik qilayotgan moʻtabar otaxon va onaxonlar uchun “Birga yashash saodati” tadbirlari tashkil qilindi. Dastlabki shunday marosim Yangiqoʻrgʻon tumanidagi Iskavot qishlogʻida joylashgan “Diydor” tantanalar uyida oʻn oila ishtirokida nishonlandi.

Davraning tabarruk mehmonlari – uzoq yillar birga hayot kechirgan Haydarali ota va Maʼsuda aya Xojiakbarovlar, Sobirjon ota va Omina aya Ahmedovlar, Sadriddin ota va Mastura aya Qoraboyevlar, Usmonjon ota va Tojixon aya Qambarovlar juftligi nafaqat Yangiqoʻrgʻon, balki viloyatdagi eng namunali oilalardan hisoblanishi alohida taʼkidlandi.

Tantanali tadbirda “Nuroniy” jamgʻarmasi, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimlari vakillari ishtirok etdi.

— Birga yashash saodatiga erishgan bu keksalar hayoti yosh oilalarga chinakam ibrat maktabi hisoblanadi, — dedi tadbirda soʻz olgan Oliy Majlis Senati aʼzosi Ikromxon Najmiddinov. — Zero, oila qurib, uning issiq-sovugʻiga bardoshli boʻlish bilangina birgalikdagi turmushning mustahkamligi taʼminlanadi.

Keksalik gashtini surayotgan va uzoq vaqt umrguzaronlik qilib kelayotgan nuroniylarga Namangan viloyat hokimligining tashakkurnomasi, esdalik sovgʻalari va pul mukofotlari topshirildi.

“Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” gʻoyasini oʻzida mujassamlashtirgan bu singari tadbirlar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham boʻlib oʻtmoqda.

 

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер