Bir soʻm kassaga, oʻn soʻm kissaga
Eng yaqin odamingiz darddan qiynalib, bemajol nigohlari bilan sizdan yordam kutadi. Yuragingizni hovuchlab dorixonaga yugurasiz, lekin sotuvchi “bu dori tugab qolgan edi-ya”, deya yelka qisadi. Bunday paytda imkonsizlikdan ham ortiq azob, dard yoʻq!..
Oilasi boshiga tashvish tushib boshini qaysi devorga urishni bilmay yurgan odamlarning bu holatidan foydalanib qolishga urinadigan ustamonlar ham yoʻq emas. Afsuski, ular begona emas, sizu biz bilan yonma-yon yashaydi. Lekin unday toifadagilarning xalqning tashvishidan foydalanib jaraq-jaraq pul ishlashga harakat qilishi, payt poylab koʻzingizga choʻp suqib olishi bilan barobardir.
Rossiyada ishlab chiqariladigan “Arbidol” dori vositasi koronavirusni davolashda tavsiya etilmoqda. Bugun oramizda dorixonalarda 75 — 80 ming soʻm atrofida sotilayotgan ushbu dori vositasini “qora bozor”da bir necha barobar qimmatiga sotishga urinayotgan uddaburonlar ham uchrab turibdi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boshqarmalari hamkorligida oʻtkazilayotgan reyd tadbirlarida ana shu kabi qonunbuzarlik holatlari fosh etilmoqda.
Qoʻqon shahrida yashovchi fuqaro “Arbidol”ning har bir qutisini 480 ming soʻmdan sotishga kelishib, 20 quti dori vositasi uchun 9 mln. 600 ming soʻm naqd pulni oldindan sanab oldi. Shundan soʻng Namangan viloyatida yashovchi hamtovogʻiga telefon qilib, 20 quti doriga buyurtma berdi. Jinoiy rejaga koʻra, u Namangan shahridagi Chorsu bozori yonida joylashgan “qora bozor”dan 20 quti “Arbidol”ni sotib olib, taksi mashinasidan joʻnatishi, uning qabul qilib olgan qoʻqonlik hamkor haydovchidan 8 mln. 400 ming soʻmni berib yuborishi kerak edi. Ammo oʻtkazilgan tezkor tadbirda ularning qilmishi issiq izida fosh etildi. Shu tariqa gumonlanuvchi shaxs 20 quti 400 dona “Arbidol” va mashinasidagi yana 23 quti “AZOPT” dori vositasini ham qoʻshib, ashyoviy dalil bilan ushlandi.
Margʻilon shahrida yashovchi yana bir “uddaburon” ushbu dori vositasining har bir qutisini 240 ming soʻmdan sotayotganda qoʻlga olindi. Gumonlanuvchidan 27 ta qutidagi dorilar va unga hisoblangan 6 mln. 480 ming soʻm naqd pul ashyoviy dalil tariqasida olindi hamda tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.
Shu kunlarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan reyd tadbirlarida viloyatning Fargʻona shahrida, Bagʻdod tumanida ham ana shu kabi qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.
Qilmish-qidirmish, deydilar. Qorongʻuda topishganlarning gʻaraz niyati amalga oshmadi. Aslida yomon niyatda topilgan pul hech qachon yaxshilik uchun xizmat qilmaydi. Aniqlangan bu kabi barcha jinoiy xatti-harakatlar uchun qonun ustuvorligi taʼminlandi. Tadbirkorlik faoliyati uchun shunchaki rasmiyatchilikka hujjat qiladigan, bir soʻmni –kassaga, oʻn soʻmni – kissaga urishga harakat qiladigan “pixini yorganlar” jinoyati uchun jazo muqarrardir.
Botir MADIYOROV,
("Xalq soʻzi")
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring