Bir qoʻlida beshik, bir qoʻlida kitob

19:46 07 Mart 2022 Jamiyat
943 0

Foto: Халқ сўзи

Fargʻona politexnika instituti magistranti Zarnigor Oripovaning jajji qizalogʻi bor. Oila aʼzolari, turmush oʻrtogʻining qoʻllab-quvvatlashi tufayli u ilm-fan sohasining muhim yoʻnalishi – kimyo texnologiyalari sohasida zalvorli yutuqlarni qoʻlga kiritib kelayotgan iqtidorli qizlarimizdan. Prezidentimizning shu yil 5-martdagi qaroriga muvofiq Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangani uning ilm-maʼrifat yoʻlidagi intilishlariga yanada ragʻbat boʻlsa, ajab emas.

— Mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida iqtisodiyotning real tarmoqlarini jahon andozalari darajasida rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilyapti, — deydi Zarnigor. — Shu sababli zamonaviy texnika va texnologiyalar, xususan, kimyo sanoati sir-asrorlarini qunt bilan oʻrganishga harakat qilyapman.

Zarnigor ilmiy izlanishlari natijasida kimyo sanoati sohasida elektron dasturiy ishlanmalarini yaratib, Intellektual mulk agentligining mualliflik guvohnomalarini qoʻlga kiritgan. 2018-2021-yillarda respublika, xalqaro ilmiy nashrlarda kimyo fanining dolzarb muammolari yechimiga oid 30 ga yaqin maqolalari chop etildi. Hammualliflikda bir necha oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarini yaratdi. Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, onlayn olimpiadalarning faol ishtirokchisi.

Shuningdek, Z. Oripova institutning Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkilotida Taʼlim jarayoni sifatini monitoring qilish yoʻnalishi yetakchisi, talabalar Kengashi aʼzosi. Tinimsiz izlanishdan zerikmaydigan bu qiz ingliz hamda koreys tillarida kitoblar mutolaa qiladi. “Ziyonet” taʼlim tarmogʻidan ilm-fanga oid yangiliklardan doimiy boxabar.

Oʻz-oʻzidan tabiiy savol tugʻiladi, oila, roʻzgʻor, farzand tashvishlaridan ortib, mashaqqatli va zahmatli ilm yoʻlida izlanayotgan bu nozik xilqat vakilasi bularning bariga qanday ulgurar ekan?

— Maʼrifatli, kitobxonlikni qadrlaydigan oilada voyaga yetdim va, baxtimni qarangki, xuddi shunday oilaga kelin boʻldim, — deydi qahramonimiz. — Qiz bola, ayniqsa, kelin boʻlib tushgan xonadonida eʼtiborni, ragʻbat, mehr va qoʻllab-quvvatlashni koʻrsa, bu uning oilada ham, jamiyatda ham oʻz oʻrnini topishida, ilmiy faoliyat olib borib, salohiyatini namoyon etishida hal qiluvchi rol oʻynashini oʻz hayotim misolida koʻrib, his qilmoqdaman. Yaqinlarim, oilam koʻmagida oʻz sohamni mukammal oʻrganib, olima boʻlishni, kimyo sanoatimiz istiqboliga hissa qoʻshishni maqsad qilganman.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер