Bir oilaning uch nafar farzandi hujjatga ega boʻldi

09:02 02 Fevral 2024 Jamiyat
225 0

Poytaxtimizning Yashnobod tumani Shirinobod mahallasida istiqomat qiluvchi 27 yoshli Jamila Xoʻjayeva shu paytgacha fuqarolik pasporti yoki ID-karta olmagan. Shu sababli farzandlariga ham tugʻilganlik haqidagi guvohnoma olishning imkoni boʻlmagan.

“Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” aksiyasi doirasida ushbu oilaning 3 nafar farzandining tugʻilishi qayd etilib, tugʻilganlik haqidagi guvohnomalari adliya vaziri oʻrinbosari X.Meliyev va Toshkent shahar adliya boshqarmasi boshligʻi N.Muhammadiyevlar ishtirokida topshirildi.

Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, mazkur huquqiy aksiya doirasida dastlabki 10 kunlikda birgina Toshkent shahri boʻyicha 150 nafar shaxslarga tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib berilgan.

Jumladan, 36 nafar shaxsning tugʻilishi qayd etilib, tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar, 17 nafar fuqaroning yaqin qarindoshining oʻlimi qayd etilib, oʻlim haqidagi guvohnomalar, 50 nafar shaxsga tugʻilganlik va oʻlim haqida takroriy guvohnomalar berildi.

Shuningdek, 14 nafar fuqaroga ID-kartalar berilib, yana 33 nafariga tegishli tadbirkorlik subyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Aytish joizki, bu borada respublikamiz boʻylab barcha hududlarga Adliya vazirligining tarkibiy boʻlinma rahbarlari biriktirilib, maxsus shtablar faoliyat koʻrsatmoqda.

Murojaatlar esa “1148” qisqa raqamli ishonch telefoni yoki adliya boʻlimlarida tashkil etilgan maxsus shtablar orqali qabul qilinyapti.

Diyora SAIDOVA,

OʻzDJTU Xalqaro jurnalistika fakultetining 2-bosqich talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер