Bir koʻngil imorati — ming Makka ziyorati

18:11 21 Noyabr 2023 Jamiyat
562 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Buxoro shahridagi Chorbaqoli koʻchasi 11 – uyda yashovchi Muzaffar ota Rahimovni mahalladoshlari ahyon – ahyonda yoʻlda uchratib qolishadi. Bolaligidan nogironligi boʻlgan 72 yoshli otaxon shu atrofdagi doʻkondan yegulik xarid qilgani chiqadi. Keyin bir amallab kir yuvadi, ovqat pishiradi. Kitob oʻqiydi.

— Bir umr shahrimizdagi avtokorxonada chilangarlik qildim,— deydi u.— Shukr, nafaqa olayapman.Sizga aytar boʻlsam, yolgʻizlikda kitob eng yaqin hamrohim boʻlib qoldi.

Otaxon yolgʻiz yashaydi. Bundan 19 yilcha muqaddam turmush oʻrtogʻi xafaqon kasalligidan vafot etdi — yu bir emas, ikki qanotidan ayrilganday boʻlib qoldi. Toʻgʻri, bir oʻgʻli, kelini, jajji nevaralari bor. Ammo ular tirikchilik vajidan sovuq oʻlkalarga ishlagani ketishgan. Ota jigargoʻshalarini sogʻinadi. Rahmatli jufti halolini eslab yum – yum yigʻlab ham oladi. Shunday kezlarda torgina hovliga sigʻmay qoladi...

Aytmoqchi, yaqin – yaqingacha yogʻin – sochinli kunlar boshlansa eski shaharning tor koʻchalarida yashovchilar yurak hovuchlab turishardi. Negaki, koʻlmak kechib oʻtishga toʻgʻri kelardi. Ayniqsa, poydevori yerdan nomigagina koʻtarilgan uylarda yashovchilarga qiyin edi. Muzaffar otaning qurilganiga chamasi 60 yil boʻlgan choʻpkori uyi shunday koʻlmak suvlar kasofatidan adoyi tamom boʻlayozdi.

— Uyimning pol qismi zax tortdi, poydevori darz ketdi,— deydi otaxon.— Shundan soʻng mahalladan, hokimlikdan yordam soʻradim. Shukr, meni yolgʻizlatib qoʻyishmadi. Yordam qoʻlini choʻzishdi. Baraka topishsin. Menga oʻxshab sogʻligʻini yoʻqotgan, qiynalib qolgan kishilarni qoʻllab – quvvatlayotgan Prezidentimiz, davlatimizdan minnatdorman.

Nurab qolgan imorat oʻrnida qisqa muddat ichida koʻrsa havas qilgulik shinamgina ikki xonali uy qad rostladi. Uy ichida hojatxona, yuvinish uchun shart – sharoit ham bor. Hovli darvozasi ham yangilandi. Sakson, balki toʻqson million soʻm mablagʻ evaziga qurilgan uyga boqib, xayoldan “Bir koʻngil imorati – ming Makka ziyorati”, degan naql oʻtadi.

Bu Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan ezgu, xayrli ishlardan birgina misol, xolos. Viloyat kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi maʼlumotlariga qaraganda, hozir oʻta ogʻir sharoitda yashayotgan 70 ta xonadon alohida ajratib olinib, ularga zarur yordamlar koʻrsatilmoqda. Jumladan, 28 nafar fuqaroning turar – joylari joriy va kapital taʼmirlab berildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер