Bilish va oʻqish lozim boʻlgan eng mashhur yapon ijodkorlari va asarlari

15:53 19 Dekabr 2019 Madaniyat
4592 0

Kunchiqar mamlakat adabiyoti uzoq sharq adabiy maydonida oʻziga xos oʻringa ega. Ayniqsa, yapon sheʼriyatigagina xos boʻlgan hayaku janri butun dunyoga mashhur va bugun ushbu janr boshqa millat ijodiyotiga ham asta-sekin kirib bormoqda. Xususan, oʻzbek sheʼriyatiga ham. japanology.org dunyoga mashhur yapon yozuvchi va shoirlar hamda ularning sara asarlari roʻyxatini jahon kitobxonlari eʼtiboriga taqdim etgan. Quyida eʼtirof etilajak yozuvchi-shoirlar asarlarini albatta bilish va oʻqish lozim, deydijapanology.org saytida. Ushbu qimmatli maʼlumotlarni sizga ham ilindik.

Kenzaburo OE

Yozuvchi romanlari, qisqa hikoyalari va esselari siyosiy, ijtimoiy va falsafiy mavzularga bagʻishlangan. Uning eng diqqatga sazovor asarlaridan biri “Shaxsiy masala” boʻlib, u yarim avtobiografik asar hisoblanadi. Shuningdek, ikki aka-uka haqida hikoya qiluvchi “Sokin yigʻi” ham dunyo oʻquvchilari eʼtirofiga sazovor boʻlgan.

Banana YoSHIMOTO

“Banana” yapon yozuvchisi Mahoko Yoshimotoning taxallusi boʻlib, u isteʼdodli oila farzandi sanaladi. Yoshimoto taniqli shoir va tanqidchi Takaaki Yoshimotoning qizi va uning singlisi Xaruno Yoiko — Yaponiyada taniqli multfilm ustasi hisoblanadi. Banana Yoshimoto 12 ta roman va 7 ta insho muallifi boʻlib, ularning eng mashhuri “Oshxona” asaridir.

Haruki MURAKAMI

Murakami badiiy asarlari uchun Yaponiyada ham, xalqaro miqyosda ham koʻplab mukofotlarga sazovor boʻlgan. Uning romanlari asosan, syurrealistik, melanxolik yoki fatalistik xarakterlarni aks ettiradi. Murakamining asarlari orasida “Yovvoyi qoʻylar”, “Norvegiya oʻrmoni”, “Qushlar shamoli”, “Kafkaning qirgʻoqlari” va boshqalar adabiy tanqidchilar tomonidan ijobiy eʼtirof etilgan.

Natsuo KIRINO

“Nazuo” Mariko Xashiokaning taxallusi. U dunyo boʻyicha ayol yozuvchilar orasida detektiv fantastikaning yetakchilaridan sanaladi. Kirinoning eng taniqli romani “Tashqarida”.

Sauseki NATSUME

Natsume Yaponiyaning yaqin oʻtmishidagi eng buyuk yozuvchisi hisoblanadi. Uning portreti 1984-2004-yillarda 1000 yapon pul birligi (ming yen)ning old tomonida qayd etilgan. U “Kokoro”, “Men mushukman”, shuningdek, “Yorugʻlik va zulmat” nomli tugallanmagan asarlari bilan tanilgan.

Kenzo KITAKATA

Ushbu yapon yozuvchisi oʻzining jinoyatchilikka doir badiiy romanlari bilan mashhur. Asarlaridagi oʻziga xos jihat shundaki, yozuvchi aksariyat asarlarida real voqeilikka asoslangan. Uning eng mashhur asarlari “Kul”, sobiq rassom hayoti haqida soʻzlovchi “Qishki uyqu” va politsiya va oʻgʻirlangan bolalar toʻdasidan qochib yuruvchi odam qissasi aks etgan “Qochqinlar shahri” ni oʻz ichiga oladi.

Kenji MIYAZAVA

Yapon shoiri Miyazava hayotlik chogʻida deyarli tanilmagan. U oʻlimidan soʻnggina tanilgan. Shoirning koʻplab asarlari vafot etganidan soʻng nashr etilgan. “Galaktika temir yoʻlidagi tun”, “Hissiz violanchelist”, “Taneyamagahara kechasi” kabi asarlari shular jumlasidandir.

Yasunari KAVABATA

Kavabata 1968-yilda adabiyot boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan birinchi yapon muallifidir. “Qor mamlakati”, “Ming turna”, “Goʻzallik va gʻam” kabi asarlar uning eng mashhur asarlaridir.

Yulduz OʻRMONOVA tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер