Bilimli yoshlar oʻrnini imtiyozga ega abituriyentlar egallab olmayaptimi?
Foto: “Xalq soʻzi”
Mamlakatimizda keyingi yillarda inson manfaatlarini taʼminlashga juda katta eʼtibor qaratilib, xususan, oliy taʼlimga qabul jarayonida ham abituriyentlarga bir qator imtiyozlar qoʻllanilmoqda.
Andijon davlat chet tillari institutida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qilinishicha, bu yil yigit-qizlar 47 turdagi imtiyozlardan foydalanishlari mumkin. Savol tugʻiladi: imtiyozlar taʼlim sifatiga salbiy taʼsir qilmaydimi? Masalan, besh yil ish stajiga ega boʻlgan xotin-qizlar institutga qabul davomida maʼlum imtiyozlarga ega. Shuningdek, ayrim xizmatchilarning farzandlariga ham bunday imtiyozdan foydalanishlari uchun imkoniyat yaratilgan. Buning natijasida yuqori bilim va salohiyatga ega boʻlgan baʼzi yigit-qizlar oʻqishga qabul qilinish imkoniyatini boy berib qoʻymayaptilarmi? Ularning oʻrnini imtiyozga ega boʻlgan abituriyent egallab olmayaptimi?
— Unday emas, — deydi institut rektori, professor Dilshodbek Rustamov. – Sababi, imtiyozlar qabul kvotalariga taʼsir qilmaydi. Qolaversa, institutimizda talabalarning oʻzlashtirishlaridagi muammolarni bartaraf etish, tenglikni taʼminlash maqsadida qoʻshimcha dars soatlari tashkil etilgan. Xulosa qilish mumkinki, institutimizda taʼlim sifatiga bu kabi qoʻshimcha imtiyozlar salbiy taʼsir koʻrsatmaydi.
Darvoqe, soʻnggi yillarda institutda taʼlim sifatini yuqori darajaga olib chiqish uchun xorijiy hamkorlar bilan mustahkam aloqa oʻrnatildi. Jumladan, 10 dan ortiq davlatlarning elchixonalari hamda OTMlari bilan oʻzaro tajriba almashish, kasb koʻnikmasini shakllantirish borasida hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring