Beton qoplamali yoʻllar: tejamkor va sifatli
Foto: Xalq so‘zi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda ichki yoʻllarga beton qoplamalari yotqizish masalasi ilgari surilgach, ushbu tajriba Andijon viloyatida muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilib, butun respublika miqyosida ommalashtirish tavsiya etildi.
Ayni paytda Fargʻona viloyatida qariyb 16 ming km ichki yoʻllar mavjud boʻlib, shundan tuproq yoʻllar - 2909,7, shagʻal qoplamali yoʻllar – 6058,5, beton qoplamali yoʻllar – 44 va asfalt qoplamali yoʻllar – 6906,8 km ni tashkil etadi.

Prezidentimizning joriy yil 18-mart kuni qabul qilingan “2022-2026-yillarda «Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan, bu yil Fargʻona viloyatining 261 ta MFY hududida 85km sement-beton yoʻllar, 218 km asfalt qoplamali yoʻllar qurish va 228 km yoʻllarni shagʻallashtirish rejalashtirilgan. Buning uchun respublika byudjetidan mablagʻ ajratilib, yoʻlsozlik ishlari “Shaffof yoʻl” platformasida gʻolib boʻlgan pudratchi tashkilotlar tomonidan olib borilmoqda.
— Mutaxassislarimiz tomonidan alohida qurilmalar yaratilib, amaliyotga innovatsion gʻoyalar keng joriy etilyapti, — deydi “Oʻzyoʻlinspeksiya”ning Fargʻona viloyat hududiy boʻlimi bosh mutaxassisi Jahongir Sharopov. — Bu borada mahalliy iqlim sharoitidan kelib chiqib, beton qoplamali yoʻllarning yoz va qish mavsumida birdek xavfsizligini taʼminlash uchun jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda har bir jarayon boʻyicha alohida yoʻriqnomalar ishlab chiqildi. Qoʻl mehnatini kamaytirish uchun avtomatik qurilmalardan keng foydalanilyapti.
Belgilangan meʼyorga koʻra, asfalt yoʻllardan oʻrtacha 8-10 yil, beton qoplamali yoʻllardan esa 20 yil foydalaniladi. Sifati, tejamkorligi va xomashyo borasida taqchillik kuzatilmasligi sababli yaqin istiqbolda ichki yoʻllarni bosqichma-bosqich beton qoplamalari bilan taʼmirlash katta samara beradi.
Dastur doirasida joriy yilda Quvasoy shahrining “Valik” hamda “Boʻston” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida 5 mlrd. 925 mln. soʻm respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan 10 km ichki yoʻllarda joriy taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi.
— Yigirma yildan buyon biz istiqomat qilib kelayotgan Qorasuv koʻchasi yozda chang, qishda loy, oʻnqir-choʻnqir boʻlib yotardi, — deydi Quvasoy shahri “Boʻston” MFYda yashovchi Shodibek Darmonov. — Yoʻllarimizga sement-beton qoplamasi yotqizilayotgani ayni muddao boʻldi. Yoʻllarning ravon, xavfsiz boʻlganiga nima yetsin?!
Ayni paytda Fargʻona viloyatining qator tumanlarida ichki yoʻllarga beton qoplama yotqizish ishlari qizgʻin pallaga kirgan.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring