Beshariqda zamonaviy “IT shaharcha” ish boshladi
Fargʻona viloyatining eng olis hududi – Beshariq tumanida yangi avlod kamolotiga xizmat qiluvchi “IT shaharcha” foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy shaharsozlik meʼmorchiligi anʼanalari asosida qad rostlagan markazda bir paytning oʻzida 65 nafar yoshlar mehnat bozorida talab va taklif yuqori boʻlgan kasblarni oʻrganadi. Ezgu maqsad ijobati uchun davlat byudjetidan 540 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Shu tariqa yiliga 500 nafardan ziyod yigit-qizlarni ertangi kun istiqbolini taʼminlovchi zamonaviy kasblarga oʻqitish koʻzda tutilgan.
— Bu yerda dasturlash, kompyuter savodxonligi, veb va grafik dizayn, robototexnika, sunʼiy intellekt hamda raqamli innovatsiyalar singari istiqbolli yoʻnalishlarda oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi, — deydi Beshariq tumani hokimi oʻrinbosari Otabek Alimatov. — Oʻz navbatida ushbu sohaga qiziquvchi yoshlarning masofaviy va onlayn xizmatlar koʻrsatish orqali yuqori daromadga ega boʻlish borasidagi amaliy koʻnikmalari oshiriladi.

Ayni paytda markaz faoliyatini har tomonlama rivojlantirish uchun poytaxt Toshkentdan hamda xorijdan malakali mutaxassislar jalb etish boʻyicha amaliy ishlarga kirishildi.
Aytish joiz, joriy yilda Fargʻona viloyatining har bir shahar va tumani markazlarida “IT shaharcha”lar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularda 10 ga yaqin yoʻnalishlarda oʻquv kurslari tashkil etilmoqda.
Bunday kurslarda yiliga 5 ming nafardan ziyod yangi avlod vakillarini zamonaviy kasblarga oʻqitish hamda yuqori daromadli ish oʻrinlariga ega boʻlishiga koʻmaklashish maqsad qilingan. Ezgu tashabbusga koʻra, yaqin vaqt ichida Yozyovon, Qoʻshtepa va Oltiariq tumanlarida ham ana shu kabi shaharchalar oʻz faoliyatini boshladi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring