Beruniy boʻlishga shoshilmaylik

17:58 17 Aprel 2020 Jamiyat
1338 0

Oʻtgan oy boshlarida qurilish va tomorqada ishlatiladigan uskunalar sotiladigan savdo markaziga kirib, toʻgʻrisi hang-u mang boʻlib qoldim. Sababi bu yerda biz qishloqdagi yumushlarda ishlatadigan uskunalarning – koʻplab qulayliklarga ega kamida 10-20 xil turlari bor edi. (Vaholonki, biz ularning eng ibtidoiy “variant”larini ishlatib yuribmiz!) Oddiy bolgʻaning bir necha qulaylikka ega turlarini koʻrib hayratda qoldim. Sotib olmasam-da, ombur, bolta, tokqaychi kabilarni birma-bir qoʻlimga olib, katta qiziqish bilan aylantirib koʻrdim. Sababi ularning har bir turi alohida-alohida “startap” – unisi bunisidan afzal, men ilgari kuzatmagan qulayliklarga ega edi.

Mahsulotlarning boshqa tomoniga ahamiyat qaratganimdan soʻng, hafsalam pir boʻldi. Sababi, bu mahsulotlar birortasi Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmagan ekan.

Oʻtgan yili mamlakatimizda innovatsiyalarga bagʻishlangan edi. Joriy yilimizda esa ilm-maʼrifatni rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilandi. Oʻtgan yildan boshlab yurtimizda hech qachon kuzatilmagan oʻzgarishlar yuz berdi, yaʼni odamlarning, ayniqsa yoshlarning ixtirolari kimoʻzarga ragʻbatlantirila boshlandi. Televideniyeda, tarmoqlarda joylarda qoʻlbola mashina va yoki shunga oʻxshash narsalarning yaratilgani “piar” qilindi. Ayniqsa, yoshlar orasida “Yosh ixtirochilar klubi”, “Yosh innovatsiyachilar toʻgaragi” kabilarning faoliyatini yoʻlga qoʻyish ham taomilga kirdi. Deyarli barcha viloyatlarda xuddi shunday toʻgaraklar tashkil etilgani, hatto viloyat rahbarlari tomonidan yuz millionlab mablagʻlar aynan ixtirochi yoshlarga taqdim etilgani yuzasidan ommaviy axborot vositalarida bong urildi. (Bugungi kunda bu toʻgaraklar ishlayaptimi-yoʻqmi, ixtirolar samara berdimi-yoʻqmi — bilmadim).

Toʻgʻri, yoshlarimizdan umid katta. Oʻtgan yili navoiylik yoshlar tomonidan biryoʻla koʻplab yumushlarni bajaradigan robotlar, innovatsion tez tibbiy yordam mashinalari kabi bir qator “ixtiro”larga oʻzim guvoh boʻlganman.

Yaqinda yana bir shunday yosh yigitning koronavirus infeksiyasini aniqlovchi qurilma ixtiro qilganligi OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilindi. Bu yaxshi “urinish”, albatta. Biroq...

Bugun dunyoning ne-ne olimlari bosh qotirayotgan masalani bizning maktab oʻquvchisi hal qildi, deyish qanchalik oʻrinli. Ayb avvalo bizda — kattalarda, yoshlarda emas. Ularning har bir xatti-harakatiga toʻgʻri baho berolmayotganimizda. Ixtirochilik ragʻbatlantirilayotgan bugungi davrda ularning bu layoqatini – ichki quvvatini toʻgʻri yoʻnaltira olmayotganimizda. Ayrim masʼul idoralar uchun ixtiro qilishsa boʻldi, nimani ixtiro qilishayotgani bilan esa ularning ishi ham, dardi ham yoʻq. Ular maqtanish uchun “falon viloyatlik yoshlar falon-falon narsalarni yaratdi”, desa boʻldi.

– Afsuski, biz yashayotgan jamiyatda, viloyatimizning oʻzida yuzlab “trollar” bor, – deydi Navoiy shahridagi “Sensorika” MCHJ rahbari Norbek Arziyev. – Ular haybarakallachilar. Yolgʻon narsani bor, deb koʻrsatib, “biz buyuklar avlodimiz”, deya quruq gaplar bilan ijtimoiy tarmoqlarda post qoldiradilar. Bunday kayfiyatdan voz kechishimiz kerak. Bugungi davr qarsakbozlik davri emas.

Yoshlarning intilishini soʻndirmagan holda aytmoqchimanki, Beruniy boʻlishga oshiqmaylik. Yaʼni Beruniy faqat ilmiy isbotlari uchungina buyuklik darajasiga koʻtarilib qolmagan. Bobomiz avvalo ilmi, odobi, sabri, taqvosi (bu roʻyxatni yana uzoq davom etish mumkin) yuksak boʻlgani uchun katta salohiyatga ega boʻlgan. Keling, yaxshisi ixtironi robototexnika, radiosignallar orqali ishlaydigan boshqa murakkab qurilmalar yasashdan emas, oddiy omburdan yoki tokqaychining mutlaqo yangi turini yasashga ham qarataylik. Aytaylik, mana bugun ipak qurti boqadigan vaqt keldi. Ishni yengillatish uchun qishloqlarimizda pilla boqadigan ming-minglab kishilarga innovatsion tokqaychilar yaratib bersak yaxshi boʻlardi.

Ozod MUSTAFOYEV,

Navbahor tumani

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер