Berdoli beqiyos goʻshaga aylanmoqda

19:37 10 Iyul 2023 Jamiyat
550 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qamashi tumanidagi Berdoli qishlogʻi tumanning eng chekka va olis hududlaridan biri sanaladi. Chimqoʻrgʻon suv omborining gʻarbiy qismidagi kengliklar uzra yastangan ushbu qishloqda bugungi kunda 5 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qilmoqda.

Taʼkidlash joiz, qishloqdagi yoʻl, elektr taʼminoti kabi asosiy kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari bundan 40-50 yil avval bunyod etilgan. Oʻtgan vaqt ichida esa bu yerda xonadonlar soni bir necha barobar ortdi, yangi-yangi koʻchalar, guzarlar paydo boʻldi. Natijada eskirgan kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha obyektlari mavjud talabga javob bermay qoldi.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Ancha yillardan buyon ichki yoʻllarimiz taʼmirtalab holatga kelib qolgandi, — deydi “Berdoli” MFY raisi Berdi Shukurov. — Oʻtgan ikki yil ichida turli dasturlar doirasida qishlogʻimizdagi asosiy ichki avtomobil yoʻlining taʼmirtalab holatga kelib qolgan 15 kilometrga yaqin qismiga asfalt yotqizildi, yana bir qancha ichki yoʻllarimizga shagʻal toʻshab berildi. Bundan tashqari, elektr taʼminoti bilan bogʻliq muammolarimiz bartaraf etildi.

Bu yil esa Berdolida bunyodkorlik ishlari yanada qizgʻin tus oldi. 24 milliard soʻmdan ortiq homiylik mablagʻlari asosida qishloqda 300 oʻrinli yangi maktab, 100 oʻrinli bogʻcha, zamonaviy loyiha asosida mahalla guzari hamda sport maydonchalari barpo etilmoqda.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Bunday oʻzgarishlarni koʻrib, keksayu yoshning dili yayraydi, — deydi “Berdoli” MFYdagi yoshlar yetakchisi Nasriddin Ulashov. — Mahallamizdagi maktab 430 oʻringa moʻljallangan boʻlsada, bugungi kunda oʻquvchilar soni 700 nafardan oshib ketgandi. Mana endi yangi oʻquv yilidan boshlab yangi maktab ishga tushadi va bu muammo toʻliq barham topadi. Qolaversa, shu vaqtga qadar bizda davlat maktabgacha taʼlim muassasasi yoʻq edi. Endi esa farzandlarimiz zamonaviy bogʻchada taʼlim va tarbiya olishadi.

Qishloqda barpo etilayotgan mahalla guzari esa oʻzining dizayni, yaratiladigan shart-sharoitlari bilan alohida ajralib turadi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Loyihaga koʻra, bu yerda mahalla xodimlarining har biri uchun alohida ish xonalari, fuqarolar uchun kutish zali, shuningdek, kutubxona, ayollar goʻzallik saloni, tikuvchilik ustaxonasi barpo etilmoqda. Mahalla guzari oldidagi ochiq maydonda esa kichik favvora qurilib, uning atrofida dam olib oʻtirish uchun yashil maydon tashkil etish koʻzda tutilgan.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер