Bemor akaga singil oʻz buyragini berdi
Foto: Халқ сўзи
Jon-jigarlar mehru oqibati mushkul damda sinovdan oʻtadi. Buxorolik 43 yoshli Faxriddin Bafoyevga shifokorlar tomonidan buyrak yetishmovchiligi tashxisi qoʻyilganida bemor va uning yaqinlari ming bir tashvish girdobida qoldilar.
Gap shundaki, buyrakni koʻchirib oʻtkazish amaliyoti borasida Hindiston, Isroil kabi davlatlarda katta tajriba toʻplangan. U yerlarga borishga esa hammaning ham choʻntagi dosh beravermaydi. Buning ustiga donor topish muammosi ham bor. Ana shunday qiyin pallada Faxriddinning singlisi buyragining bittasini akasiga berishga qaror qildi.
Jarrohlik amaliyoti esa xorijda emas, oʻzimizda, aniqrogʻi, Buxoro viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida oʻtkazildi. Uni Fransiya, Hindiston, Rossiya kabi davlatlarning yetakchi klinikalarida malaka oshirib qaytgan shifokorlarimiz muvaffaqiyatli bajardilar. Har ikkala bemorning ayni paytda ahvoli yaxshi.
— Bir necha yil muqaddam bu kabi jarrohlik amaliyotini oʻtkazishni faqat orzu qilish mumkin edi, — deydi mazkur tibbiyot markazi direktori A. Norov. — Bugungi kunda shunday murakkab operatsiyalarni oʻtkazish uchun bizda barcha zamonaviy texnologik asbob-uskunalar va malakali kadrlar bor.
Taʼkidlash joizki, bu 2017-yilda qabul qilingan buyrak va jigar toʻqimalarini transplantatsiya qilish toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga muvofiq Buxoroda ilk bor bajarilgan jarrohlik amaliyotidir.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring