Bedanachilik – serdaromad ish

15:02 14 Yanvar 2022 Jamiyat
1219 0

Foto: Халқ сўзи

Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi “Sayfulla, Nurulla, Xayrulla” oilaviy korxonasi rahbari Shahlo Qurbonovani bedanachilikni yoʻlga qoʻyishda amaliy koʻmak soʻrab Qoraqalpogʻiston Respublikasiga taklif qilishdi.

— Bunga qadar Xorazmga borib, shu sohaga ishtiyoqi baland bir guruh ayollarga bedana boqish sir-asrorlarini oʻrgatib kelgandim, — deydi “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi viloyat boʻlimi biznes-treneri sanalgan Sh. Qurbonova. — Oʻzimga kelsak, 15 yildan buyon uyda bedanani koʻpaytirish, uni parvarishlash bilan shugʻullanaman. Hovlimizdagi inkubatsiyalarda 18 kunda 7 mingtagacha bedana chiqarish imkoniyati bor.

Bilasizmi, bedanachilik juda serdaromad soha. U uncha-bunchaga kasallanmaydi. 35-40 kunda tuxumga kiradi. Parvarishlash uchun katta joy talab qilmaydi. Sovuqqa ham chidamli. Ozuqasini vaqtida berib, mehr bilan parvarish qilsangiz, bas. Vaqtingizni koʻp olmaydi. Boshqa yumushlarga ham bemalol ulgurasiz. Goʻshti va tuxumi inson salomatligi uchun juda foydali. Men bedanachilik ortidan barcha niyatlarimga erishdim.Tumanimiz markazida zoodoʻkon ham ochdim. Turli qushlar, baliqlar sotuvini yoʻlga qoʻydim. Akvariumni ham oʻzimiz tayyorlayapmiz.

Suhbatdoshimizning taʼkidlashicha, bedananing besh xil nasli bor. Yaponcha nasli serurugʻligi bilan ajralib turadi. Bir yilu uch oy davomida tuxum beradi. Farovon nasllisi esa 500 grammgacha goʻsht qiladi. Gigant, Texas naslli bedanalar ham oʻziga yarasha afzalliklarga ega.

Shahlo opa ayni paytda “Mehr – shafqat va salomatlik” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi tomonidan oʻtkazilayotgan seminarlarda “Ayollar daftari”ga kirgan xotin-qizlarga oʻz tajribasi misolida uyda turib ham roʻzgʻorni but qilish yoʻllarini oʻrgatmoqda.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер