“Baridan muqaddas soʻz boʻldi faqat...”

17:04 20 Iyul 2022 Jamiyat
663 0

Arxiv surat

Eshqobil Shukur sheʼrlarini oʻqiyotib qoqilmaysan kishi. Soʻz, fikr, ohang uygʻunligi, misralar nozikligi, ruh va qalbning ichkin hissiyotlari tarannum etilishi oʻquvchi eʼtiborini tortadi. Doimiy ijodiy izlanishlar, tinimsiz mushohadalar bilan 60 yosh ostonasini bosib oʻtgan ijodkor ayni paytda joʻshqin ilhom ogʻushida. Unga mustahkam sihat-salomatlik va ulkan ijodiy muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Quyida uning ijodidan namunalarni eʼtiboringizga havola qilamiz.

QADIMIY BITIKTOSHLARGA YOZUVLAR
(turkumdan)

Soʻz
Baridan muqaddas soʻz boʻldi faqat —
Tangrilar insondan qizgʻangan daho,
Boshi bir yoqadan chiqqan mamlakat,
Mangulikni yoʻrgaklagan ibtido.

Baridan muqaddas soʻz boʻldi faqat…

Olamdan oʻtganni tuproq ostiga,
Tuproqning ustiga soʻzni qoʻydilar,
Quyoshdan uyalib, oydan uyalib,
Yalangʻoch yuraklar soʻzni kiydilar.

Oʻlmas askarlar
Koʻz oʻngimdan saf-saf soʻz askarlari,
Mungluq yalovlarni koʻtarib oʻtar.
Oʻtmishning qon yuzli tosh daftarlari
Menga
Bir xalq shaklidagi soʻzlarni tutar:

Qaysining qoʻli yoʻq… Qaysin oyogʻi…
Barining ogʻziga toʻlgan yulduzlar.
Maʼyus hilpiraydi idrok bayrogʻi,
Kelar suyaklari qisirlab soʻzlar.

Bahaybat oʻyiq bor koʻkraklarida,
Zamonlarning dahshatlari dastidan.
Bir Vatanni tutib kipriklarida,
Bir xalq chiqib kelar yerning ostidan.

Mutolaadan soʻng
Aylanar soʻzlarga surinib dilgir
Shafaqlarga toʻlib qolgan kengliklar.
Soʻzlarga surinib tinib-tinchimay
Falak yelinlarin sogʻar yerliklar.

Quroq koʻrpalarga aylanib tushlar,
Olov nafas bilan avrar bizlarni.
Tun va tong oraligʻida qisilgan qushlar,
Olmaday choʻqiydi qadim soʻzlarni.

Bitiktoshlar dardin koʻzimga bitdim,
Koʻnglimga choʻktirib nolalarini.
Kul boʻlgan bogʻlardan tergani ketdim,
Bobolarning oltin olmalarini.
Eshqobil SHUKUR.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер