Bardavom qadriyatlarimizning yorqin ifodasi
Shu yilning 4-10 oktyabr kunlari mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilgan “Keksalar haftaligi” davomida Farg‘ona viloyatida ham keng qamrovli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi. Bir-biriga ulangan xayrli ishlar yolg‘iz, bemor, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj nuroniylar, oilamiz fayzi bo‘lgan otaxon-onaxonlar qalbiga bir olam quvonch bag‘ishladi.
Farg‘ona shahridagi “Fayz” tantanalar majmuasida haftalikning yakunlovchi qismiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unga shahar va tumanlardan 500 nafardan ziyod mehnat faxriylari, yoshi ulug‘ insonlar taklif etildi.
Tadbirda qatnashgan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov “Keksalarni eʼzozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan ushbu haftalik mehr-muruvvat ayyomiga aylanganini, avlodlar osha bardavom qadriyatlarimiz ustuvorligi bugun hayotiy tasdig‘ini topayotganini qayd etdi.
Bayram dasturi doirasida fayzli dasturxon atrofida maroqli suhbatlar uzoq davom etdi, mumtoz kuy-qo‘shiqlar barchaga xushkayfiyat ulashdi.
B. MADIYOROV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring