Barcha protsessual jarayonlar videoda muhrlanadi
Illyustrativ foto
“Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda moddama-modda muhokama qilindi.
Kiritilayotgan normalar bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va sudlarga gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan ushlab turish, qamoqqa olish, uy qamogʻi yoki ekspertiza oʻtkazish uchun shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarining qoʻllagani haqida ularning oila aʼzolarini yoxud boshqa yaqin kishilarini darhol xabardor qilish majburiyati yuklanmoqda.
Shu bilan birga, shaxsni ushlash, unga protsessual huquqlarini tushuntirish, ushlash jarayonida oʻtkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qoʻyish, shuningdek, himoyachidan voz kechish harakatlarini majburiy tarzda videoyozuvga olish shartligi belgilab qoʻyilyapti.
Shuningdek, loyihada shaxsni ushlash jarayonida videoyozuv qoʻllanilmagan taqdirda, davlat organi xodimi ushlangan shaxsni huquqni muhofaza qiluvchi organ binosiga olib kelganidan soʻng, unga huquqlarini videoyozuvga qayd qilgan holda tushuntirishi shartligiga oid qoida ham nazarda tutilmoqda.
Xalq vakillarining aytishcha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyatda inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish madaniyatining shakllanishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni faqat va faqat xalq manfaati yoʻlida ogʻishmay xizmat qiladigan idoralarga aylanishida mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuboriladigan boʻldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring