Baliqchilik Yozyovon iqtisodiyotining muhim drayveriga aylanmoqda

18:53 16 Fevral 2023 Jamiyat
827 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyatining Yozyovon tumani tabiiy-iqlim sharoiti baliqchilikni rivojlantirish uchun qulay boʻlib, ushbu maqsadda yangi va istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Ayni paytda tumanda 84 ta baliqchilik fermer xoʻjaligi faoliyat koʻrsatyapti. Bu borada ishlar koʻlamini yanada kengaytirish, sohaga xorij tajribasini keng joriy etish va yangi texnologiyalardan unumli foydalanish hisobiga baliqchilikni tuman iqtisodiyotining muhim drayveriga aylantirishga erishilmoqda.

Hozirgi kunda tumandagi barcha baliqchilik xoʻjaliklari havzalariga quyosh panellari hamda kislorod bilan boyitish uskunalari – aeratorlar oʻrnatish, buning hisobiga suv havzalarini intensivlashtirish va baliq yetishtirish hajmini sezilarli oshirish choralari koʻrilmoqda.

— Baliqchilik xoʻjaliklarida toʻliq quyosh panellari va aeratorlarni joriy etish maqsadida Jahon banki mablagʻlari hisobidan imtiyozli kredit ajratish rejalashtirilgan, —deydi Markaziy bankning Fargʻona viloyat bosh boshqarmasi boshligʻi Turobjon Qunduzov. — Shuningdek, baliqchilik tarmogʻini qoʻllab-quvvatlashga masʼul boʻlgan “Ipoteka bank”ning viloyat filiali kreditlari hajmini yanada oshirish koʻzda tutilmoqda.

Oʻz navbatida tumanda mazkur tarmoqni jahon andozalari darajasida rivojlantirish uchun malakali mutaxassislarni jalb etgan holda oʻquv-seminarlar tashkil etish, baliq yetishtirish va qayta ishlashning zamonaviy usullari va intensiv texnologiyalarini oʻrganish maqsadida yozyovonlik fermerlarni xorijiy davlatlar, xususan, Vengriyaga yuborish rejasi ishlab chiqilgan.

— Xonadonimizda 9 sotix maydonda 3 ta sunʼiy suv havzasi tashkil etib, 3 ta aerator oʻrnatganmiz, — deydi Yozyovon tumanidagi “Navroʻz” MFYda istiqomat qiluvchi Bahodir Qalandarov. — Suv havzalariga 2022-yilning may oyida baliq chavoqlari tashlagandik. Endilikda 7 tonna parhez goʻsht yetishtirish orqali oʻrtacha 200 million soʻm daromad olishni koʻzlab turibmiz.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер