Baliqchi tumanida ochiq drenaj tarmoqlari bosqichma-bosqich yopiq tizimga oʻtkazilmoqda
Ochiq drenaj tarmoqlarini yopiq drenaj tizimiga oʻtkazish aholi uchun qator qulaylik va afzalliklar yaratadi. Bunday yondashuv, avvalo, sanitariya holatini yaxshilash, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, bolalar va piyodalar xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, yer maydonlaridan samarali foydalanish imkoniyati kengayadi, yoʻllar va mahalla hududlarining meʼmoriy qiyofasi yaxshilanadi. Eng muhimi, yopiq drenaj tizimi suv oqimini barqaror tarzda yoʻnaltirish orqali yer osti suvlari sathini meʼyorda ushlab turishga xizmat qiladi.
— Shu bois Baliqchi tumanida ham ochiq drenaj tarmoqlarini bosqichma-bosqich yopiq tizimga oʻtkazish ishlari amalga oshirilmoqda, — deydi tuman hokimligi xodimi Muzaffarbek Karimov. — Jumladan, Tumor mahalla fuqarolar yigʻini hududida 500 metr masofada drenaj tarmogʻini yangilash boʻyicha qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Mazkur loyiha hudud infratuzilmasini yaxshilash va aholi uchun qulay, xavfsiz muhit yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Maʼlumotlarga koʻra, tumanda oʻtgan yil davomida tadbirkorlar tomonidan 15 ta xizmat koʻrsatish obyekti foydalanishga topshirilib, 50 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi. Navbatdagi bosqichda yana 20 ga yaqin savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etish, shuningdek, aholiga yoʻl yoqasida xizmat koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring