Baxshichilik maktabi oʻquvchilari uchun yangi turar joy foydalanishga topshirildi
Foto: Xalq so‘zi
Yangi yil bayrami arafasida Termiz shahridagi baxshichilik sanʼatiga ixtisoslashtirilgan respublika maktab-internati oʻquvchilari uchun turar joy binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda viloyat va shahar hokimligi mutasaddilari, Oʻzbekiston temir yoʻllari» AJ kompaniyasi vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Taqdimot marosimida davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan baxshichilik sanʼatini rivojlantirish, uni xalqaro miqyosda keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Xususan, 2019-yilda Termiz shahrida boʻlib oʻtgan Birinchi xalqaro baxshichilik sanʼati festivalida oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi namunalari tarannum etildi. Shuningdek, Termiz shahrida faoliyat olib borayotgan ushbu baxshichilik maktab-internati koʻplab iqtidorli yoshlarni kamolga yetkazishda muhim oʻrin tutmoqda. Hozirda bu yerda Qashqadaryo, Fargʻona, Samarqand, Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahridan oʻquvchilar kelib tahsil olyapti.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ qurilish korxonasi tomonidan yangidan barpo etilgan 150 oʻrinli zamonaviy turar joyda oʻquvchilar uchun barcha qulayliklar yaratildi. Kutubxona, sogʻlomlashtirish xonasi, nogironligi bor oʻquvchilar uchun alohida yotoqxona mavjud.
— Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, baxshichilik - bu insoniyatning bolalik qoʻshigʻidir, — deydi baxshichilik maktab-internati oʻqituvchisi, Oʻzbekiston xalq baxshisi Shodmon baxshi Xoʻjamberdiyev. — Jumladan, oʻzbek xalq dostonlari milliy qadriyat va anʼanalarimizni oʻzida ifodalangan boqiy durdona sanaladi. Bugungi kunda ana shu oʻlmas merosni koʻz qorachigʻidek asrash, uni kelgusi avlodlarga yetkazishga qaratilgan yuksak eʼtibor har qancha tahsinga munosibdir. Biz, baxshilar ustozlardan oʻrgangan doston va termalarni shogirdlarga yetkazishga astoydil intilmoqdamiz. Buning uchun maktab-internatimizda barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Yangi turar joy binosining qurilgani oʻquvchilarimiz uchun Yangi yil bayrami arafasida munosib tuhfa boʻldi.
Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring