Bayram oldi yarmarkalari — xalq xizmatida

13:40 28 Dekabr 2021 Jamiyat
881 0

Foto: «Халқ сўзи»

Shu kunlarda Samarqand viloyatining barcha tuman va shaharidagi dehqon bozorlarida Yangi yil bayrami oldidan arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi tashkil etilgan.

Viloyat bozorlar uyushmasi maʼlumotiga koʻra, 25-dekabrgacha dehqon va fermerlar, savdo tayyorlov tashkilotlari tomonidan yarmarkalarda 2000 tonnadan ortiq kartoshka, piyoz, sabzi, goʻsht, shakar, moy, guruch kabi asosiy turdagi mahsulotlar va 735 ming donadan ortiq tuxum arzon narxda sotilgan.

Jumladan, “Siyob dehqon bozori”da Urgut, Bulungʻur va Samarqand tumanlari dehqonlari oʻzlari yetishtirgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari, “Afrosiyob parranda”, “Maroqand parranda” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari parhez goʻsht va tuxum savdosini tashkil etgan. “Siyob dehqon bozori”ga qarashli tayyorlov tashkiloti goʻsht, guruch, dukkakli mahsulotlar, savdo tashkilotlari spirtli va salqin ichimliklarni xaridorlarga taqdim etmoqda. Bu yerda mol goʻshti kilogrami 55 ming soʻmdan, qoʻy goʻshti 58 ming soʻmdan va parranda goʻshti 22 ming soʻmdan, tuxum donasi 900 soʻmdan sotilmoqda. Boshqa mahsulotlar ham bozordagidan arzon narxda savdoga chiqarilgan. Bozor maʼmuriyati tomonidan yarmarka ishtirokchilariga 325 ta savdo nuqtasi ajratilgan va 26 xil mahsulot keltirilishi belgilangan boʻlsa, tadbirkorlarimiz 70 turdan ortiq mahsulotni savdoga chiqargan.

— Bozordan goʻsht, yogʻ, mevalar va roʻzgʻorga kerakli boshqa mahsulotlar xarid qildim, — deydi xaridor Raʼno Mamatova. — Mol goʻshti kilogrami 50-55 ming soʻmdan, qoʻy goʻshti 58 ming soʻmdan sotilyapti. Boshqa mahsulotlar ham arzon. Sifati ham yaxshi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер