Bahor Boysundan boshlanadi
Foto: Халқ сўзи
Janub quyoshining issiq tafti ona yer bagʻriga iliqlik olib kira boshladi. Sabz urib chiqayotgan maysalar, kurtak yozayotgan dov-daraxtlar, sharqiroq soylaru yashillik burkanayotgan qiru adirlarda yana bahor nafasi hukmron. Ha, yurtimizda bahor Surxon vohasining togʻu qirlari, ufqqa tutashib ketgan kengliklaridan boshlanadi. Illo, hamon purviqor togʻlarda qahraton qishning sovuq harorati saqlanib qolayotgan boʻlsada, unga basma-bas muzlar bagʻrini yorib chiqayotgan boychechaklar yurtga bahor kelganini ovoza etayotir. Fasli bahor esa har doim oʻzi bilan yasharish, yangilanish ayyomi – Navroʻzni boshlab keladi.

Navroʻz — yangi kun, sharqona yil boshi hisoblanadi. Kun va tunning tenglashishi, tabiatdagi oʻzgarishlar, ekin-tikin ishlarining boshlanishi — bularning bari hamal kirib, amal boshlanganidan darakdir. Xalqimiz bu ayyomni azaldan katta shodu xurramliklar bilan qarshilagan, xalq sayillari avjiga chiqqan.
Davlatimiz rahbarining qaroriga binoan bu yilgi Navroʻz umumxalq bayrami mamlakatimizda “Assalom, Navroʻz — yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” degan bosh gʻoya asosida nishonlanmoqda. Shu bois millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir vatandoshimiz Yangi Oʻzbekiston sharoitida Navroʻzi olamni oʻzgacha ruh, shukuhda qarshilamoqda. Bu ayyom azaldan kishilarni borliqni asrab-avaylashga, tabiatga uygʻun boʻlib yashashga undagan. Zero, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Navroʻz xalqaro bayram sifatida eʼtirof etilishi ham bejizga emas. Navroʻz ayyomi mudom tabiatni asrash, insonni qadrlash, yuksak insonparvarlik gʻoyalarni ulugʻlashga xizmat qilgan.

Surxona vohasiga bahorning, Navroʻzning tashrifi haqida soʻz borganda, beixtiyor koʻz oʻngimizda soʻlim Boysun manzaralari gavdalanadi. Zotan, Boysun - milliy qadriyatlar beshigi. Boysunliklar har doim Navroʻz bayramini katta tayyorgarlik, zoʻr koʻtarinkilikda nishonlashga odatlangan. Bu yil ham shunday boʻldi.

Navroʻz bayrami munosabati uyushtirilgan umumxalq saylida ajdodlardan meros milliy madaniy boyliklar, xalq amaliy sanʼati va hunarmandchiligi, ayniqsa, xalq ogʻzaki ijodi namunalari keng namoyish qilindi. Darvoqe, Boysun tumanining madaniy muhiti 2021-yili YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, bu yerdagi boy nomoddiy madaniy merosni bor holicha saqlash bugungi avlod zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklashi tabiiy.

Boysun mintaqasida, ayniqsa, xalq hunarmandchiligi keng rivoj topgan. Buni Navroʻz bayrami arafasida tumandagi Yoshlar istirohat bogʻida tashkil etilgan milliy hunarmandchilik festivali yana bir bor tasdiqladi. Unda yuzlab hunarmandlar oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

— Gilam toʻqishning sir-asrorlarini momolarimdan oʻrganganman, — deydi oʻn beshdan buyon toʻquvchilik bilan shugʻullanib kelayotgan hunarmand Maftuna Azizova. — Sakkiz nafar shogirdim bilan bu yilgi Navroʻzga munosib tuhfa tayyorladik. Tuya junidan tayyorlangan 30 metrlik “Oq en” gilamini toʻqib tugatdik. Buning uchun qariyb 8 oy mehnat qildik. Bizning hududda gilam toʻqishning 5 xil turi mavjud, ammo har birining toʻqish uslubi va naqshlari bir-biridan farqlanadi. Biz tayyorlagan ushbu gilam aynan Boysun hunarmandlariga xos xususiyatlarni oʻzida aks ettirgan. Maqsadimiz, avvalo, toʻquvchilik sanʼatini mazmunan boyitish, qolaversa, yaqinda boʻlib oʻtishi kutilayotgan “Boysun bahori” festivali qatnashuvchilariga oʻziga xos sovgʻa tayyorlash, ayniqsa, xorijiy mehmonlar eʼtiborini qozonishdan iboratdir.

Mamlakatimizda hunarmandchilikni keng rivojlantirishga qaratilgan yuksak eʼtibor natijasida Boysun tumanida ham oʻz faoliyatini kengaytirayotgan mohir hunar egalari koʻpaymoqda. Agar 2018-yilda tumanda 30 nafar hunarmand rasmiy faoliyat olib borgan boʻlsa, hozirda ular safi 500 nafardan oshgan. Oʻndan ortiq mahallalar xalq hunarmandchiligining turli yoʻnalishlariga ixtisoslashgan boʻlib, ular hududning oʻziga xos “drayveri”ga aylangan.

— Biz hunarmandlar oilasimiz, aslida mahallamizda bichish-tikish bilan shugʻullanmaganlar kam topiladi, — deydi boysunlik chevar Soliya Ramazonova. — Esimni taniganimdan qoʻlimga igna olib, momolarim koʻmagida doʻppi, kashta tikishni boshlaganman. Endi oʻzim shu ish bilan doim mashgʻul boʻlish bilan birga koʻplab qizlarga ustozlik ham qilyapman. Hunarmandchilik muhitida oʻsayotgan farzandlarimiz kelgusida tayinli kasb-kor egasi boʻlishi aniq. Uy sharoitida oʻzing yoqtirgan ish bilan band boʻlish, daromad topishga nima yetsin...

Aytish kerakki, Boysun doʻppilari, kashtalari oʻzining rangi, naqshi, tikilish uslubi bilan alohida ajralib turadi. Tikuvchilik uchun kerakli xom ashyoni ham oʻzimiz tayyorlaymiz, unga turli rangda boʻyoq beramiz. Mahsulotlarimiz xorijliklarni doim maftun etib keladi.

Tumandagi hunarmandchilik festivali Navroʻz umumxalq sayliga ulanib ketganida ham oʻziga xos ramziy maʼno bor. Navroʻz kunlari oʻtkaziladigan tantanalarda milliy urf-odat va qadriyatlarni ifodalovchi koʻrgazmalar tashkil etilishi anʼana tusini olgan. Namoyish etilayotgan xalq hunarmandchiligi va amaliy sanʼati namunalari koʻrgazmalarida xalqimizning oʻtmishi, ijtimoiy hayot tarzi oʻz ifodasini topgan.

Darvoqe, Boysun elining toʻy-tantanalarida folklor jamoalari chiqishlariga keng oʻrin beriladi. Oʻzining maftunkor sanʼati bilan muxlislar qalbidan chuqur joy olgan badiiy jamoalarning repertuari benihoyat boyligi va rang-barangligi bilan olqishlarga munosibdir. Chunonchi, xalq ruhiyatini oʻzida aks ettirgan folklor sanʼati durdonalarida hayot zavqi, tiriklik shukronasi, tinchlik va doʻstlik, birodarlik va hamjihatlik tarannum etiladi.

— Boysunni uning sanʼatga shinavanda odamlarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi, — deydi usta sozanda Boʻriqul Jumayev. — Ota-bobolarimiz mavsumiy, kundalik hayot tarzi, kasbiy xarakterdagi qoʻshiqlarni zoʻr mahorat bilan ijro etishgan. Bizning “Boysun” xalq etnografik badiiy jamoamiz ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan kuy, qoʻshiq va jozibador raqslarni ijro etib, xalqimiz mehrini qozonishga erishyapmiz. Jamoamiz repertuaridan suyakli, sopolli hamda oddiy qamishli sozlarda ijro etiladigan kuylar ham keng oʻrin olgan. Masalan, sibizgʻaning ham dardli, ham oʻynoqi jarangi hech kimni befarq qoldirmaydi. Faoliyatimiz davomida turli xalqaro tadbir va tanlovlarda ham ishtirok etmoqdamiz. Sibizgʻa kabi milliy cholgʻularimiz, ayniqsa, xorijliklarda katta qiziqish uygʻotadi. Ajdodlarimiz aql-zakovati bilan yaratilgan bunday nafis musiqiy meros har qancha faxrga arziydi.

Navroʻz olami keng nishonlayotgan shu kunlarda boysunliklar yana bir nufuzli xalqaro tadbirga katta tayyorgarlik koʻrishmoqda. Taʼkidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining shu yil 7-fevraldagi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga binoan aprel oyida Boysun tumani nufuzli sanʼat bayramiga mezbonlik qiladi.
“Boysun bahori” xalqaro folklor festivali doirasida xalq sayillari, konsertlar, milliy taom va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari koʻrgazmalarini tashkil etish, vohaning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtirish, etnosport, velomarafon kabi turli bellashuv, tanlov va shou dasturlar namoyish etilishi koʻzda tutilgan.
Ayni paytda esa Boysun boʻylab Navroʻz sayli davom etarkan, uygʻonish faslining zavqi va shavqi dillardan dillarga koʻchmoqda. Ezgulik, bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishtiyoqi Boysunning purviqor togʻlari kabi boʻy choʻzmoqda.
Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring