Bagʻdodda noyob zotli otlar koʻpaytirilmoqda

17:34 19 Aprel 2024 Jamiyat
1056 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Botir MADIYOROV/ «Xalq soʻzi». Fargʻona viloyatining Bagʻdod tumani azaldan polvonlari, mohir chavandozlari bilan mashhur. Ayni kunlarda tumanda yilqichilik, ot sporti zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirilib, mahalliy hamda dunyoga mashhur zotlardan nasl olish yoʻlga qoʻyildi.

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 11-mart kungi «Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qaroriga koʻra, tumanda ushbu tarmoqni 2025-yilgacha rivojlantirish dasturi qabul qilingan. Ayni paytda «Boychibor uchquni» fermer xoʻjaligida 25 dan ortiq mahalliy qorabayir, Turkmanistondan keltirilgan axaltekin hamda Polsha, Rossiyadan olib kelingan Yevropaning mashhur zotlari parvarishlanmoqda.

— Yaqin istiqbolda yilqichilik, ot sporti boʻyicha oʻz brendimizni yaratishni maqsad qilganmiz,— deydi fermer xoʻjaligi rahbari Abdulaziz Botirov. — Ilmiy-amaliy hamkorlik doirasida qadimiy qorabayir zotli otdan xoʻjaligimiz tasarrufidagi laboratoriyada nasl olyapmiz, yaqin kunlarda axaltekin otlari bolalaydi. Shuningdek, Yevropadan eng mashhur uloqchi otlardan olib kelib koʻpaytiryapmiz. Hozirda 10 ga yaqin uloqchi otlarimiz bor.

Mohir chavandoz uloqchi otlariga «Qoʻqon», «Boysun», «Chempion» kabi nomlarni qoʻygan va ular bilan oʻzbekcha gaplashadi. Chavandozning qayd etishicha, otlar egasini hididan taniydi. Eʼtibor va mehrni yaxshi koʻradi. Shu bois u har kuni qadrdon doʻstdek boʻlib qolgan otlari bilan soatlab gaplashib rohatlanadi. Fargʻona vodiysi, qoʻshni mamlakatlarda oʻtkaziladigan uloq-koʻpkari musobaqalarida gʻolib boʻlganida otlariga oʻzgacha iltifot koʻrsatadi.

Ozuqa bazasini rivojlantirish uchun fermer xoʻjaligiga Markaziy Fargʻona hududidan 15 gektar ekin yeri ajratilgan. Bu yerda beda, arpa va makkajoʻxori ekilib, yil davomida ozuqa taʼminoti barqarorligiga erishilyapti. Fermer zamonaviy yilqichilik kompleksi qurishni ham rejalashtirgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер