Bagʻdodda yetishtirilgan baliqlar vodiy va Toshkent viloyati bozorlariga yetkazib berilmoqda
Bagʻdod tumanining Markaziy Fargʻona hududida joylashgan “Shoʻrtepa oydin koʻli” baliqchilik fermer xoʻjaligining 64 gektar sunʼiy koʻl havzalarida oq amur, doʻngpeshona, sazan (karp) singari baliqlar parvarishlanib, Fargʻona vodiysi viloyatlari hamda Toshkent viloyati bozorlariga yetkazib berilmoqda. Fermer xoʻjaligida 10 ta doimiy va 20 ta mavsumiy ish oʻrinlari yaratilgan.
–Baliqchilik sohasiga ixtisoslashgan ilmiy muassasalar mutaxassislari bilan hamkorlikda xoʻjaligimizning oʻzida chavoq yetishtirish, omuxta yem ishlab chiqarish faoliyati yoʻlga qoʻyilgan, – deydi fermer xoʻjaligi rahbari Mirzakarim Nishonov. –Yaqinda fermer xoʻjaligimiz tomonidan yana bir loyiha amalga oshirilishi natijasida 30 tonna sigʻimga ega muzlatgichli omborxona barpo etildi. Bu yerda baliq mahsulotlari zamonaviy usulda muzlatilib, yaroqlilik muddati uzoq vaqt saqlangan holda sifatli tarzda isteʼmolchilarga yetkazib berilmoqda. Fermer xoʻjaligi qoshida baliqni sanoat usulida qayta ishlash faoliyati ham yoʻlga qoʻyilib, shartnoma asosida Mudofaa vazirligi harbiy qismlari konserva mahsulotlari bilan taʼminlanyapti.
Fermer xoʻjaligi baliqchilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilda “Ipoteka-bank”ning Qoʻqon filialidan 120 million soʻm imtiyozli kredit oldi. Fermer xoʻjaligi rahbari faoliyatni jahon andozalari darajasida rivojlantirish maqsadida Vyetnam tajribasini oʻrganib keldi. Shu tariqa yaqinda xitoylik tadbirkorlar bilan shartnoma imzolanib, yangi texnologiyalarni olib kelib oʻrnatish evaziga bir necha turdagi konserva mahsulotlari ishlab chiqarish imkoni yaratilyapti. Asosiy maqsad konserva mahsulotlarini xorijga eksport qilishga qaratilgan.
Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring