Bagʻdod tumanida yangi taʼlim maskanlari qad rostlamoqda
Fargʻona viloyatining Bagʻdod tumanida markazidan 15 kilometr olisda joylashgan Navbahor qishlogʻida yangi 120 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi qurib bitkazildi.
Eʼtiborlisi, loyiha qiymati 5,5 mlrd. soʻmga baholangan ushbu muassasa qishloq aholisining hamjihatligi, tadbirkorlarning homiyligi natijasida hashar yoʻli bilan bunyod etildi.
Shuningdek, tumanning Irgʻoli qishlogʻida 62-maktabning 330 oʻrinli yangi binosi foydalanishga topshirildi. “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 900 mln. soʻm mablagʻ evaziga yangi bino qad rostladi. Oʻz navbatida viloyat mahalliy byudjetidan 1,5 mlrd soʻm, tuman mahalliy byudjetidan 360 mln. soʻm ajratilib, zamonaviy sport zali qurib bitkazildi.

— Shu kungacha boshlangʻich taʼlim olish uchun qishloq yoshlari 2-3 kilometr uzoqdagi qoʻshni mahallada joylashgan maktabga qatnashar edi, — deydi Bagʻdod tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Adhamjon Xonkeldiyev. — Endilikda bu noqulaylikdan bartaraf etildi. Yangi binoda oʻqish va sport bilan shugʻullanish uchun barcha sharoitlar muhayyo etildi.
Yangi taʼlim maskanlarining foydalanishga topshirishga bagʻishlangan tantanali tadbirda Prezident maslahatchisi Shuhrat Gʻaniyev, Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring