Azizbek Abdurasulov zargarlik sanoatiga qoʻshgan hissasi uchun “Global icon” mukofotga sazovor boʻldi
Foto: “Xalq soʻzi”
Namanganda qimmatbaho metallar va toshlarni xarid qilish, qayta ishlash va boshqa zargarlik faoliyat turlariga yoʻnaltirilgan “Gavhar jewel group” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ish boshlaganiga endigina ikki yil boʻldi. Ayni paytda korxonada 50 kishi doimiy asosda mehnat qilyapti, 150 dan ortiq mahalliy zargar bilan kooperatsiya tartibida ish olib borilayotir. Bu orada nozik hunar egalari tashqi bozorga ham chiqib ulgurishdi, tayyorlangan mahsulotning yigirma foizi eksport qilinmoqda.
“Gavhar jewel group” oʻtgan yili Buxoroda tashkil etilgan xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etib, “Eng yaxshi zargarlik korxonasi” nominatsiyasi boʻyicha faxrli birinchi oʻringa sazovor boʻlgan edi. Yaqinda qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlari eksportini qoʻllab-quvvatlash kengashi (GJEPC) tomonidan Dubay shahrida tashkil etilgan “International GEM & jevellery show” nufuzli xalqaro zargarlik koʻrgazmasi esa ilk bor oʻzbekistonlik tadbirkor dunyo zargarlik sanoati rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasi uchun taqdirlandi. MCHJ rahbari, Gavhar” brendi asoschisi Azizbek Abdurasulovga “Global icon” mukofoti tantanali topshirildi.
— Xalqaro ekspertlar talqiniga koʻra, joriy yil dunyo zargarlik sanoatining muhim personalaridan biri sifatida eʼtirof etilishim menga va sohamizning barcha mehnatchilariga alohida faxr bagʻishlaydi, ؙ—deydi “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni sohibi A. Abdurasulov.
Qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlari eksportini qoʻllab-quvvatlash kengashi (GJEPC) 1966-yildan buyon faoliyat yuritadi hamda olmoslar bozorida yuqori mavqega ega tashkilot hisoblanadi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring