Ajab saodat erur chiqsa yaxshilik bila ot
Soʻnggi yillarda Navoiyning boy ijodiy merosini oʻrganishda shoir nomi bilan ataluvchi viloyatda ham yangicha yondashuvlar joriy etilib, turli tanlov va navoiyxonlik kechalari oʻtkazilmoqda. Tadbirlarda hazrat gʻazallari yod olibgina qolmay, balki oʻsha gʻazaldagi barcha soʻzlarni izohlab, uning nasriy bayonini yarata oladigan iqtidorli va isteʼdodli yoshlar kashf etilmoqda. Albatta, bunda hududning ilmiy muhiti, ziyoli qatlamining munosib hissasi bor.

Hazrat tavalludining 583-yilligi munosabati bilan viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Navoiy viloyat hokimligi, Madaniyat boshqarmasi, Navoiy Davlat pedagogika instituti hamkorligida oʻtkazilgan adabiy-badiiy kecha shulardan biri boʻlib, u “Ajab saodat erur chiqsa yaxshilik bila ot” deya nomlandi.
— Ona tilimizning jilo va imkoniyatlari xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz ongu shuuriga, avvalo, Navoiy asarlari bilan kirib keladi, — deydi institut dotsenti Botir Zaripov. — Unga muhabbat, beqiyos boyligi va ulugʻligini anglashda hazrat ijodi andoza, desak mubolagʻa emas. Shu bilan birga bugungi globallashuv davrida buyuk mutafakkir merosiga qayta-qayta murojaat etish, uning asarlarida oʻz ifodasini topgan insonni kamolotga yetaklovchi ezgu gʻoyalarni yoshlar ongiga singdirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada mana oradan besh yarim asrdan ziyodroq vaqt oʻtgan boʻlsada, shoir ijodining qimmati aslo kamaymagan. Zero, davrlar almashsada, buyuk ajdodimiz qoldirgan maʼnaviy merosning qadr-qimmati tobora ortib boraveradi.

Tadbirda hazrat Navoiyning hayoti va ijodi, qoldirgan boy maʼnaviy merosidagi yangi tadqiqotlari boʻyicha maʼruzalar tinglanib, talabalarning badiiy havaskorlik dastalari tomonidan shoir gʻazallariga bastalangan kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring