Azaliy doʻstlik va hamkorlikni oʻzida jamlagan yoshlar forumi
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida Oʻzbekiston va Tojikiston yoshlar tashkilotlari forumining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbir ikki qardosh xalq yoshlari oʻrtasidagi doʻstlik va strategik hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Forumda Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi xodimlari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, axborot texnologiyalari sohasida yuqori natijalarga erishgan loyiha moderatorlari hamda Tojikistondan kelgan yoshlar tashkilotlari va guruh yoshlar, shuningdek, IT sohasida faoliyat yuritayotgan yirik biznes vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida yigʻilganlar eʼtiboriga ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik munosabatlariga bagʻishlangan videorolik namoyish etildi. Shundan soʻng, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari Qodirjon Asadov soʻzga chiqib, mehmonlarni samimiy qutladi va forum ishtirokchilariga ezgu tilaklar bildirdi. Tojikiston yoshlar ittifoqi raisi oʻrinbosari Umedjon Rahimzoda esa oʻz soʻzida ikki davlat yoshlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida fikr bildirdi.
Mazkur forum doirasida zamonaviy texnologiyalar mavzusiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, tojikistonlik mutaxassis Tohir Saidzoda oʻz chiqishida bugungi kunda sunʼiy intellekt inson hayotining turli sohalariga keng joriy etilayotganini taʼkidladi. U “Saidzoda” muhandislik shirkati tomonidan ishlab chiqilgan “Ameena” ilovasi haqida maʼlumot berib, mazkur dastur orqali xalqaro va qardosh tillarni sunʼiy intellekt yordamida oʻrganish imkoniyati yaratilganini qayd etdi.
Sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish masalasi ham forum muhokamalarining muhim yoʻnalishlaridan biri boʻldi. “Hamsol ba hamsol” (“Tengdosh tengdosh bilan”) nodavlat notijorat tashkiloti vakili Nigora Valixoʻjayeva yoshlar oʻrtasida tibbiy savodxonlikni oshirish, ularni sogʻlom hayot tarziga yoʻnaltirish va bu borada xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligini taʼkidladi.
Rasmiy tadbir yakuniga yetgach, ishtirokchilar oʻzaro muloqot qilib, tanishuvlarni davom ettirishdi. Birinchi kun yakunida mehmonlar uchun Toshkent shahri boʻylab madaniy sayohat va mehmondorchilik dasturi tashkil etildi.
Bir soʻz bilan aytganda, mazkur yigʻilish nafaqat yoshlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, balki ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim maydon sifatida namoyon boʻldi.
Forum 28-martgacha davom etadi.
Shohroʻz MOʻMINZODA, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring