Ayozli kunlar, past bosim, gaz ballon va murojaat...
Foto: “Xalq soʻzi”
Kuz-qish mavsumida gaz taʼminoti masalasida fuqarolar turli muammolarga duch kelishi, ayniqsa, olis hududlarda tabiiy va suyultirilgan gazga boʻlgan ehtiyojning ortishi tufayli turli eʼtirozlarga sabab boʻlishi bugun yangilik emas. Biroq, muammoni bartaraf etishdan koʻra oldini olgan maʼqul, degan hayotiy haqiqat mavjud. Shu maqsadda aholini tashvishga solayotgan masalalarni oʻrganish va ularga yechim topish maqsadida “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati “Murojaatlar bilan ishlash” boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari tomonidan viloyatda navbatdagi sayyor qabul oʻtkazildi.

Dastlab Karmana tumanining Varq mahallasi hamda Navoiy shahridagi Ziyokor mahallalarida boʻlib oʻtgan sayyor qabullarda aholining tabiiy gaz bosimi bir maromda yetkazilishiga oid takliflari tinglandi. Oʻz navbatida xonadon egalariga kuz-qish mavsumida gaz jihozlaridan eʼtiborli foydalanish, nosoz qoʻlbola nostandart gaz pechlaridan foydalanmaslik yuzasidan tushunchalar berildi.
Shuningdek, Xatirchi tumanining Navbahor mahallasida boʻlib oʻtgan sayyor qabulda ham qish mavsumida aholiga tabiiy va suyultirilgan gaz muammosiz yetkazib berilishi, buning uchun soha xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tayyorgarlik ishlari boʻyicha maʼlumot berildi. Fuqarolar koʻtargan masalalar ijrosi jarayonning oʻzida masʼul xodimlarga topshirilib, murojaatning tez yechim topishi taʼminlandi.
— Sayyor qabulda maishiy gaz ballon olish boʻyicha murojaat qildim, deydi aholi vakillaridan biri Fazliddin Shakarov. – “Xatirchitumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari tomonidan menga kerakli hujjatlarni tayyorlashim aytildi. Ortiqcha ovoragarchiliksiz maishiy gaz ballon bilan taʼminlanishimdan xursandman.
Oʻtgan yilgi anomal sovuq Nurota tumanining Gʻafur Gʻulom mahallasida tabiiy gaz bosimi ancha pasayishi bilan, aholiga anchagina qiyinchilik tugʻdirgandi. Joriy yil esa kuzgi-qishki tayyorgarlik davrida ayni ushbu mahallada gaz bosimini koʻtarish boʻyicha bir qancha ishlar amalga oshirildi. Mahalla binosida oʻtkazilgan sayyor qabulda gaz bosimi pasayishi bilan bogʻliq aholining xavotirli savollariga mutaxassislar tomonidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha axborot berildi. Har bir murojaat eʼtiborda ekanligi taʼkidlanib, mahalla fuqarolari bildirgan muammolar boʻyicha taklif va yechimlar koʻrsatildi.

— Yil boshidan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga viloyatimiz aholisidan gaz taʼminoti bilan bogʻliq 963 ta murojaat kelib tushgan,— deydi “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali nazorat va murojaatlar bilan ishlash boʻlimi yetakchi mutaxassisi Mavjuda Ahmedova. – Shu kunga qadar ushbu murojaatlarning 931 tasi koʻrib chiqilib, 806 tasi ijobiy hal etildi. Shuningdek, 125 tasi boʻyicha tushuntirish berilib, 32 ta murojaat koʻrib chiqilmoqda.
Albatta, har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning manfaatlari turadi. Unga hech boʻlmaganda quloq tutish, haqli talabni joyida hal etish, muammolar yuzasidan tushuncha berish ham kishi koʻnglini togʻdek koʻtaradi. Bu jihatdan yuzma-yuz muloqotlarning ahamiyati nihoyatda muhim.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring