Ayolni eʼzozlash — ezgulik mezoni
Joriy yilning 1-martida Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga koʻtarish va ayollarning jamiyatdagi oʻrnini yanada mustahkamlash, ularning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishi hamda bandligini taʼminlashga har tomonlama koʻmaklashish boʻyicha eng dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida 2-mart kuni “Ayolni eʼzozlash – ezgulik va adolat mezoni” shiori ostida tashkil etilgan madaniy tadbirda ana shular xususida soʻz bordi.

— Ayol zakovati jamiyatning eng murakkab muammolaridan tortib, oilaviy tashvishlar, roʻzgʻor ikir-chikirlarini oqilalik bilan hal eta olishga qodir kuchdir. Ayniqsa, Toʻmarisu Bibixonimlar avlodi sanalmish oʻzbek ayolining nafosati, latofati, metin irodasi, sabr-bardoshi, fidoyiligi qarshisida har qancha taʼzim bajo aylasak, shuncha kam, — dedi tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev.
Taʼkidlandiki, viloyatda xotin-qizlar bandligini taʼminlash, oilalar daromadlarini oshirish dasturlari asosida 2022-yilda 9 960 nafar xotin-qizni ishga joylashtirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 4926 nafar ayolga 181 milliard 989 million soʻm mablagʻ ajratiladi.

Bundan tashqari yil yakuniga qadar “Ayollar daftari”ga kiritiladigan 14 380 nafar xotin-qizlar bilan manzilli ishlash va shu asosda 4 476 nafar opa-singillarimiz bandligini taʼminlash, 1423 nafar ayolni tadbirkorlikka jalb etish va ularga kredit olishga koʻmaklashish, 6 900 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga moddiy yordam ajratish, shuningdek, ularning 475 nafariga tomorqadan daromad manbai sifatida foydalanishlari uchun koʻmaklashish, 142 nafarining uy-joyini taʼmirlash va 602 nafar xotin-qizga turar-joy ijara kompensatsiyasini toʻlab berish rejalashtirilgan.

Tadbir doirasida viloyat sanʼat ustalari, yosh xonandalar ijrosida konsert dasturi namoyish etildi. Xotin-qizlarga bahoriy guldastalar, esdalik sovgʻalari topshirildi.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring